Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ilgari Qirg‘izistonda rejalashtirilgan uchinchi konsultativ uchrashuvi koronavirus pandemiyasi sababli 2021 yilga qoldirildi va u Turkmanistonda o‘tkazilishi mumkin, deya ma’lum qildi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov «Yangi O‘zbekiston» gazetasiga bergan intervyusida.

Avvalroq, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Ilxom Ne’matov «Gazeta.uz» bergan intervyusida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining avgust oyida Bishkek shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchinchi konsultativ uchrashuvi koronavirus pandemiyasi sababli kuzga qoldirilgani haqida xabar bergan edi.

«Afsuski, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat va pandemiyani bartaraf etish bilan bog‘liq sananing noaniqligi sabab joriy yil oxirigacha uchinchi Maslahat uchrashuvini o‘tkazish uchun imkoniyat bo‘lmasligi ko‘zga tashlanib qoldi», — dedi Abdulaziz Komilov.

Tashqi ishlar vazirining aytishicha, Turkmaniston uchinchi uchrashuvni 2021 yilda o‘tkazishni taklif qilgan. «Biz maslahat kengashining hamraisi sifatida Turkmanistonning ushbu taklifini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va navbatdagi Markaziy Osiyo maslahat uchrashuvini keng va sermazmun dastur asosida o‘tkazilishiga umid qilamiz», — dedi vazir.

Abdulaziz Komilovning fikricha, Turkmanistondagi sammitdan keyin Qirg‘izistonning Bishkekda maslahat uchrashuvini tashkil etish taklifiga qaytish mumkin bo‘ladi.

«Lekin bu holat qo‘shni davlatlar rejalashtirilgan mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish yo‘lida „sekinlashdi“ deganini anglatmaydi», — ta’kidladi vazir. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p tomonlama hamkorlik Markaziy Osiyoning beshta davlati uchun ham ustuvor vazifadir.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tegishli. Bunday yig‘ilishlarning birinchisi 2018 yil mart oyida Qozog‘iston poytaxtida, ikkinchisi — 2019 yil noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvlarni o‘tkazish qoidalariga ko‘ra, u yilda bir marta o‘tkaziladi. Uchinchi uchrashuvni Bishkekda o‘tkazishga qaror qilingan edi.