Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi UzAuto Motors AJning Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan qator OAVga bosim o‘tkazilgani qayd etilgan rasmiy bayonotidagi vaziyatni o‘rganib chiqdi, deya xabar qildi AOKA matbuot xizmati.

Ushbu masalani o‘rganish natijasida UzAuto Motors AJ taqdim etgan ma’lumot o‘z tasdig‘ini topmadi. Agentlik tomonidan 15 ta yetakchi elektron ommaviy axborot vositalari rahbarlari o‘rtasida so‘rov o‘tkazilib, mazkur sud ishini yoritishda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan hech qanday bosim o‘tkazilmagani qayd etildi, deyiladi xabarda.

Ushbu masala yuzasidan AOKA tomonidan UzAuto Motors kompaniyasiga asossiz ma’lumotni tarqatmaslik va bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli ogohlantirish kiritiladi.

Agentlik asossiz, yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish uchun javobgarlik borligini eslatib, yuridik va jismoniy shaxslar hamda OAVga tarqatilayotan ma’lumotlarning asosliligini tekshirishni tavsiya qildi.

Avvalroq UzAuto Motors Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasini maqolalarni o‘chirtirish va o‘zgartirish orqali OAVga bosim o‘tkazayotganlikda ayblagan edi. Mazkur bayonot yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi axborot xizmati «Gazeta.uz»ga UzAuto Motors qo‘ygan ayblovlar asossiz ekanini ma’lum qildi.