Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abdurahimovich Abduhalimov «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi siyosiy Kengashi raisi etib saylandi, deya xabar qildi «Yuksalish» harakati.
Bahrom Abduxalimov 1959 yil 27 fevralda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1981 yilda Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zMU) tamomlagan. FA Sharqshunoslik institutida kichik, o‘rta, katta ilmiy xodimi, bo‘lim mudiri, olim kotib, fan bo‘yicha direktor o‘rinbosari va direktori lavozimlarida ishlagan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritgan. 60 dan ziyod ilmiy asarlar, shu jumladan, 2 ta monografiya muallifi. Bitta doktorlik, uchta fan nomzodlarini tayyorlagan.
Tarix fanlari doktori, Markaziy Osiyo va sharqshunoslik tarixi olimi Bahrom Abduhalimov 2011 yildan beri Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti sifatida ishlab kelayotgan edi.
«Adolat» partiyasining sobiq rahbari Nariman Umarov avvalroq prezident farmoni bilan senator etib tayinlangan va Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi etib saylangan edi.