Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Sirdaryoda olti oy davomida sakkizta hudud bo‘yicha iste’molchilardan 1,2 mlrd so‘m mablag‘ asossiz olinganini aniqladi, deya xabar qildi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Fakt 24» dasturi.

Ta’kidlanishicha, agentlikka aholidan maishiy chiqindilar o‘z vaqtida olib chiqib ketilmayotgani haqida murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaat asosida «Toza hudud» korxonasi faoliyati o‘rganildi. Tahlillar natijasiga ko‘ra, Sirdaryo viloyatida har bir kishi uchun bir kunda 700 gramm maishiy chiqindini olib chiqib ketish me’yori belgilangan bo‘lsa-da, «Toza hudud» korxonasi tomonidan joriy yil yanvar oyidan iyun oyiga qadar tasdiqlangan grafik jadvalga asosan 560 gramm hisobida chiqindilar olib chiqib ketilgan.

Sodda qilib aytganda, har bir oila a’zosidan 2800 so‘m to‘lov evaziga me’yordagi 21 kg o‘rniga 17 kg dan maishiy chiqindi olib chiqib ketilgan. Tafovutlar qayta hisob-kitob qilinganida, olti oy davomida sakkizta hudud bo‘yicha 1,2 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ asossiz olingani ma’lum bo‘ldi.

«Ushbu olingan asossiz daromad bo‘yicha maxsus komissiyaning majburiy bo‘lgan ko‘rsatmasi berildi. Hozirgi kunda ushbu asossiz olingan daromad 358749 nafar iste’molchi bilan qayta hisob-kitob qilindi va ularning manfaati tiklandi», — deya ma’lum qildi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Sirdaryo viloyat hududiy boshqarmasi bosh yuriskonsulti Akrom Oripov.

Qayta hisob-kitoblardan so‘ng ba’zi hududlarda haftasiga bir marta emas, balki ikki-uch martadan chiqindilarni olib chiqib ketish belgilandi, deyiladi dasturda.