Transport vazirligi Toshkentda metro va avtobus yo‘lovchilari uchun kuniga o‘rtacha 28 mln so‘mlik qo‘lqop xarid qilinayotgani haqidagi xabar bo‘yicha munosabat bildirdi.

19 oktyabrdan boshlab jamoat transportida tibbiy niqoblardan tashqari, tibbiy qo‘lqop yoki bir martalik qo‘lqoplarsiz harakatlanish taqiqlanishi va bir martalik qo‘lqoplar yo‘lovchilarga bepul taqdim etilishi haqidagi xabar e’lon qilingan edi.

Shundan kelib chiqqan holda jamoat transportlarida yo‘lovchilarni bepul qo‘lqoplar bilan ta’minlash maqsadida «Toshshahartransxizmat» Aksiyadorlik Jamiyati, OOO «POLIPLAST DIZAYN» hamda OOO «BIZNES TECH MIR» korxonalari bilan bir martalik qo‘lqoplarni xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib borgan. Muzokaralar natijasiga ko‘ra:

«POLIPLAST DIZAYN» MCHJbir juft qo‘lqopni — 56 so‘m;

«BIZNES TECH MIR» MCHJ bir juft qo‘lqopni — 70 so‘mdan taqdim etishi ma’lum bo‘ldi.

«Toshshahartransxizmat» AJ yuqoridagi ikki korxonadan eng ma’quli OOO «POLIPLAST DIZAYN» deb topib, shartnoma imzoladi.

Hozirgi vaqtda «Toshshahartransxizmat» AJ avtobuslarga bir kunda 300 ming dona bir martalik qo‘lqoplar tarqatilayotganini ma’lum qiladi. Demak bir kunda 16 million 800 ming so‘mлик mahsulot OOO «POLIPLAST DIZAYN» korxonasidan xarid qilinmoqda, deyiladi xabarda.

Vazirlik bir martalik qo‘lqoplarning kunlik hajmini yanada ko‘paytirish maqsadida «Toshshahartransxizmat» AJ polietilenli bir martalik qo‘lqoplar ishlab chiqaruvchi tadbirkor va ishbilarmonlarni, yanada qulay takliflar bo‘yicha hamkorlikka chaqirishini eslatib o‘tdi.

Avvalroq Kun.uz nashri Transport boshqarmasiga tayanib Toshkentda metro va avtobus yo‘lovchilari uchun kuniga o‘rtacha 28 mln so‘mlik qo‘lqop xarid qilinayotgani haqida xabar bergan edi.