Senatning sakkizinchi yalpi majlisida «Jamoat xavfsizligini ta’minlashga doir qonun hujjatlari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonun muhokama qilindi.

«Bugungi kunda fuqarolar, ayniqsa, yoshlar orasida pichoq va boshqa sovuq qurollarni olib yurish, o‘zaro janjal vaqtida mazkur ashyolar bilan qo‘rqitish yoki ularni qo‘llash kabi harakatlar ko‘plab uchramoqda. Shu sababli jamoat xavfsizligini ta’minlashga doir qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda», — deyiladi Senat bayonotida.

Yangi tartibga ko‘ra, jinoyat fuqaro tomonidan sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatgan holda sodir etilgan bo‘lsa, Jinoyat Kodeksining 104 moddasi ya’ni qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish yoki 105 moddasi qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish bilan jinoiy javobgarlikga tortiladi.

Sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatgan holda qasddan badanga og‘ir shikast yetkazgan shahs uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazgan holatda uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilab qo‘yilgan.

Yangi qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 14, 245, 287-moddalari to‘ldirilib, kodeksga yangi 1852 va 1853-moddalar qo‘shilmoqda.

Xususan,1852-moddaning birinchi qismida fuqarolar tomonidan jamoat joylarida, kasbiy faoliyatda, yoki sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ochiq holda (g‘ilofsiz) olib yurganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima jazosi belgilanmoqda.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda, fuqaroviy qurolni, sovuq qurolni va sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan, sport va xo‘jalik-maishiy maqsadlar uchun mo‘ljallangan ashyolarni jamoat joylarida olib yurganlik uchun huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib yoki musodara qilmay, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima jazosi belgilanmoqda.

Shuningdek, 1853-modda bilan mamlakat hududida fuqaroviy va xizmat quroli sifatida muomalada bo‘lishi taqiqlangan ashyolarning qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishi taqiqlanmoqda.

Shuningdek, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ulardan kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda, shu jumladan, shahar transportida, shahar atrofiga qatnovchi, shaharlararo va xalqaro transportda, jamoat joylarida, ochiq (g‘ilofsiz) holda olib yurishni taqiqlovchi norma kiritilmoqda.

Senatorlar tomonidan mazkur Qonun ma’qullandi. Ma’qullangan qonun prezident tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda e’lon qilingach rasmiy kuchga ega bo‘ladi.