O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, taniqli olim, iqtisodiyot fanlari doktori, sobiq mehnat vaziri o‘rinbosari, turizm sohasi rivojiga katta hissa qo‘shgan mutaxassis, professor Rustam Xamidovich Shodiyev hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar berdi.

Rustam Shodiyev 1938 yil 15 mayda tug‘ilgan. 1955 yilda Moskva davlat iqtisodiyot institutiga o‘qishga kirgan.

U o‘z mehnat faoliyatini 1960 yilda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi iqtisodiyot institutida laborantlikdan boshladi va 26 yil davomida kichik ilmiy xodimdan to ilmiy ishlar buyicha direktor o‘rinbosari lavozimigacha bo‘lgan pog‘onalarni bosib o‘tdi.

1967 yilda Moskvada — nomzodlik, 1981 yilda esa doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1983 yilda professor unvonini oldi.

1980−1984 yillarda BMT «Suriya Arab Respublikasida mehnatni tashkil etish va samaradorligini oshirish» nomli loyihasiga rahbarlik qildi. Safardan qaytgach, mehnat vaziri o‘rinbosari va Tashqi ishlar vazirligida boshqarma boshlig‘i lavozimlarida ishladi. Bank-moliya akademiyasi ilmiy markaziga rahbarlik qildi.

1997 yildan 2005 yilgacha — Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida «Jahon iqtisodiyoti» kafedrasi mudiri, 2005−2019 yillarda esa Toshkent davlat iqtisodiyet unversitetining «Xalqaro turizm» kafedrasi professori lavozimida faoliyat yuritgan.

U o‘zbek tilida ilk bor 2005 yilda chop etilgan «Jahon iqtisodiyoti» fani darsligining muallifidir. 1988 yilda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi» unvoniga sazovor bo‘lgan, «O‘zbekiston Miliy Ensiklopediyasi»ga, shuningdek, Xalqaro biografik markazining (Angliya) «XX asrning 2000 nafar atoqli intellektuallari» kitobiga kiritilgan.

Rustam Shodiyev O‘zFA Kibernetika institutida va O‘zbekiston Mehnat vazirligi qoshidagi ilmiy tekshirish institututida katta ilmiy xodim lavozimida ishlagan.