Oliy Majliy Senatining sakkizinchi yalpi majlisida senat raisi Tanzila Narbayeva mamlakatda ijtimoiy sohalar, yoshlar va xotin-qizlarning bandligi ta’minlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish masalalari doimo diqqat markazida bo‘lishi kerakligiga to‘xtaldi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar bermoqda.

«Kelgusi yilga maqsadlar, rejalar katta», — dedi senat Raisi. — «E’tiborli jihati, prezident byudjetni shakllantirishda mahalliy Kengashlar vakolatini yanada kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Qolaversa, byudjet xarajatlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Endilikda xarajatlar tarkibi va natijadorligi davlat idoralarining rasmiy saytlarida e’lon qilinadi. Davlat idoralarining ushbu talabga rioya etishlarini nazorat qilish esa, parlament palatalari va mahalliy Kengashlar tomonidan amalga oshirilishi ta’kidlandi».

«Hududlar palatasi sifatida yuqoridagi vazifalar, ularning qay darajada amalga oshirilishi biz uchun juda muhim. Odamlar ertaga savol beradi: byudjet mablag‘lari nimalarga sarflandi, xarajatlar qanchalik samarali va to‘g‘ri bo‘ldi, nima uchun u yoki bu sohada mablag‘ yetishmaydi?», — deya qayd etdi Narbayeva.

«Deyarli har kuni byudjet mablag‘larining noo‘rin sarflanishi bilan bog‘liq holatlar ko‘tarilmoqda. Afsuski, soliq to‘lovchilarning bunday savollariga har doim ham asosli javob berilmayapti yoki xolis munosabat bildirilmayapti», — dedi Senat raisi.

Ta’kidlanishicha, Xisob palatasi bilan birgalikda byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish borasidagi ishlar holatini yaqinda Toshkent viloyati misolida kompleks o‘rganilgan. Natijada juda ko‘plab tizimli muammolar aniqlangan.

Shuningdek, mutasaddilarda byudjetga qo‘shimcha manbalar aniqlash borasida tashabbuskorlik, izlanish yo‘qligi, ayrim hollarda ularning moliyaviy savodxonligi yetishmasligi tanqid qilindi. Senat raisi muhim ko‘rsatkichlarni qo‘shib yozishga to‘liq barham berilmaganligiga ham e’tibor qaratdi.

Senatning tegishli qo‘mitasi hamda boshqarmasi bunday o‘rganishlar va tahlillar ko‘lamini yanada kengaytirishi, tizimli muammolar yechimi yuzasidan asosli takliflar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Byudjet mablag‘larining to‘g‘ri sarflanishiga oid savollar faqatgina ijtimoiy tarmoqlarda emas, balki birinchi navbatda parlament minbaridan turib, xalq vakillari tomonidan berilishi kerakligi qayd etildi.