Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi Nurxon Nafasovni O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi (O‘KMF) rahbarligidan noqonuniy bo‘shatilgan deb topdi va uni lavozimga tiklash haqida hal qiluv qarori chiqardi, deya xabar qildi Xabar.uz.

1996−2006 yillarda mazkur federatsiyani boshqargan Nurxon Nafasov (O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi, qora belbog‘ 6-DAN sohibi) o‘n ikki yillik tanaffusdan so‘ng (2018 yil, may) yana O‘zbekiston KMF rahbarligiga saylangan edi. Biroq oradan to‘rt oy o‘tmay, u lavozimdan chetlashtirilib, uning o‘rniga Alamjon Mullayev tayinlandi.

Aytilishicha, da’vogar sudda o‘ziga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni qoplash talabini qo‘ymagan.

Xabar.uz nashrining qo‘shimcha qilishicha, joriy yil boshida O‘zbekiston karate milliy federatsiyasining (endilikda sobiq) rahbari Alamjon Mullayev va boshqa mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi («ishonib topshirilgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish va talon-toroj qilish») alomatlari bilan «ish» ochilgandi. Bugunga kelib, jinoyat ishining bir qismi sud muhokamasiga yuborilgan. Qolgan qismi bo‘yicha tergov harakatlari Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.