21 oktyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining sakkizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar bermoqda.

Senatning Yalpi majlis kun tartibidan o‘rin olgan bir qator tashkiliy masalalar, xususan, Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosarini saylash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Senat raisi o‘rinbosarlaridan biri Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili bo‘lishiga oid konstitutsion norma mavjud. Shu bois, senator Murat Kallibekovich Kamalovni Senat raisi o‘rinbosari lavozimiga saylash to‘g‘risida taklif prezident tomonidan taqdimnoma kiritilgan.

Murat Kamalov 1955 yilda Nukus shahrida tug‘ilgan. Oliy ma’lumotga ega huquqshunos sifatida ko‘p yillar mas’uliyatli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Joriy yil sentyabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining deputati etib, 2 oktyabr kuni Jo‘qorg‘i Kengesning davlat rahbari ishtirokida o‘tgan navbatdan tashqari sakkizinchi sessiyasida Jo‘qorg‘i Kengesi raisi etib saylangan edi.

Majlisda senatorlar tomonidan Murat Kamalov nomzodi bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Qonun talablariga muvofiq yashirin ovoz berish orqali 72 ta ovoz bilan senator Murat Kallibekovich Kamalov O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosari etib saylandi.