Qashqadaryo viloyatidagi GTL zavodi qurilishida ENTER Engineering kompaniyasining ko‘p miqdordagi ishchilari yig‘ilib, derazalarga tosh otgani, binolardan birida «pogrom» amalga oshirilgani aks etgan videoyozuv ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Videoda osmonga tutun ko‘tarilayotgani ham aks etgan.

ENTER Engineering kompaniyasi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, voqea G‘uzor tumanidagi ob’ektlardan birida sodir bo‘lgan.

«Hodisa 21 oktyabr kuni ertalab, ishchilar uchun mo‘ljallangan oshxonadagi monoblok tizimidagi (elektron kirish tizimi) texnik nosozlik tufayli sodir bo‘lgan, oqibatda ular kundalik ovqatlanishga kira olmagan. Bu esa katta norozilik keltirib chiqargan», — deyiladi kompaniya xabarida.

Foto: bugunuz / Telegram.

«Hozirda texnik xodimlar guruhi monoblok tizimidagi nosozlikni tuzatmoqda. Kompaniya rahbariyati tafsilotlarini o‘rganish va kelajakda shunga o‘xshash hodisalarning oldini olish maqsadida Qashqadaryo viloyatiga uchib borishgan», — deya qayd etdi kompaniya matbuot xizmati.

Ijtimoiy tarmoqlarda ishchilar oyliklarining o‘z vaqtida berilmasligidan norozi ekani aytilmoqda. Kompaniya esa ob’ektda ish haqi berishda hech qanday muammo kuzatilmaganligini ta’kidladi: «To‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmoqda», deydi kompaniya. Bundan tashqari, ENTER Engineering kompaniyasi ishchilarning mehnat faoliyati uchun barcha zarur sharoitlar yaratilganini ta’kidlab o‘tdi.

10 sentabr kuni kompaniyaning boshqa bir ob’ektida — Samarqand sayyohlik markazi qurilishida ham bir guruh ishchilar shikoyat qilishgan edi. Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ishchilarga iyun va iyul oylarida ish haqi to‘lanmagani aniqlandi. Qarzlar va ish haqi 17 sentyabr kuni to‘langan.