«Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portaliga O‘zbekistonda 16 yoshdan avtomobil boshqarishga ruxsat berish bo‘yicha taklif joylashtirilgan edi. Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ushbu masala bo‘yicha bayonat bilan chiqdi.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning o‘tgan 9 oyi davomida haydovchilik guvohnomasini olganiga 2 yil bo‘lmagan haydovchilar tomonidan 612 ta YTH sodir etilgan bo‘lib, ularning oqibatida 191 nafar kishi vafot etgan, yana 571 nafari turli darajadagi tan jarohatlari olishgan. «Yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda haydovchining yo‘l harakati qoidalarini o‘zlashtirganligi, tajribasi, yoshi va madaniyati juda muhim o‘rin tutadi», — deya ta’kidlaydi boshqarma.

Bayonotda keltirilishicha, 16 yoshdan haydovchilik guvohnomasini berish tartibi joriy qilingan xorijiy davlatlar o‘rganib chiqilgan. «Shvetsiya, Fransiya, Avstriya, Estoniya, Norvegiya va ayrim Yevropa davlatlarida ham xuddi bizning normativ hujjatlarda belgilanganidek 16 yoshda uncha katta bo‘lmagan mototsikllar (mopedlar)ni, 18 yoshda avtotransport vositasini boshqarishga ruxsat etilganligi tasdiqlangan», — deyiladi bayonotda.

Shuningdek 16 yoshli bolalarda «maqtanchoqlik, oliftalik kabi hislatlar eng avjiga chiqqan vaqt hisoblishi hamda bu yoshdagi bolalarning transport vositasini o‘zboshimchalik bilan boshqarishi salbiy oqibatlar bilan yakun topganligi holatlari uchrayotgani» ta’kidlab o‘tilgan.

«16 yoshli bola hali maktab yoki kasb-hunar kolleji o‘quvchisidir. Aynan ushbu yoshdagi bolalar o‘qishini davom ettirishi, boshqa ishlar bilan chalg‘imasligi, jamiyat uchun foyda keltiradigan bilimli insonlar bo‘lib ulg‘ayishlari zarur», — deyiladi IIV YHXBB bayonotida.

Shu bilan bir qatorda, YHXBB 16 yoshli bolalarda hali «Men» degan fikr so‘nmagan bo‘lishi, maqtanishni, «oliftalikni» yaxshi ko‘rishi, buning oqibatida esa yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik, mensimaslik yoki qasddan tengdoshlariga, do‘stlariga avtomobilini maqtanish uchun yo‘l harakati qoidalariga qarshi harakat qilishi mumkinligi, bu esa fojiyali oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.