Parlament yuqori palatasining sakkizinchi yalpi majlisi kun tartibidan o‘rin olgan Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalariga oid faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar bermoqda.

Majlisda senatorlar mazkur tashabbuslarga hamohang ravishda hamda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirishda parlament ishtiroki va nazoratini kuchaytirish maqsadida Senatda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasini tashkil etish, ushbu qo‘mita nizomini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Bundan tashqari, parlament yuqori palatasining sakkizinchi yalpi majlisida Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi etib senator Boriy Botirovich Alixonovнинг saylandi.

Boriy Alixonov. Foto: Senat.

Boriy Alixonov ko‘p yillar Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Ekologik harakati, keyinchalik Ekologik partiya yetakchisi va parlament a’zosi sifatida samarali faoliyat olib borgan. Orol fojiasi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan milliy va xalqaro ko‘lamdagi loyihalar, dasturlarni amalga oshirishda faol ishtirok etgan. Ayniqsa, bu boradagi qonunchilikni mustahkamlashga katta hissa qo‘shgan.

Shuningdek, ayni paytda Sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan senator Botir Djoldasovich Matmuratovni Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazish taklif etildi. Senatorlar bir ovozdan Botir Djoldasovich Matmuratovни qo‘mita raisi o‘rinbosari etib saylashdi.

Botir Matmuratov. Foto: Senat.

Qayd etilishicha, Botir Djoldasovich bilimli, tajribali yurist, katta hayot maktabini o‘tagan rahbar sifatida mamlakatimizda sud-huquq tizimini takomillashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida o‘z salohiyatini to‘la namoyon eta oldi. Qolaversa, u Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili hisoblanadi va ushbu hududning past-u balandliklarini, ayniqsa, Orolbo‘yi hududidagi haqiqiy holatni yaxshi biladi.

Bundan tashqari, yalpi majlisda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi etib Nariman Madjitovich Umarov nomzodi taklif etildi. Senatorlar ushbu nomzodni ham bir ovozdan maqullashdi.

Narimon Umarov. Foto: Senat.

Bunga qadar, Markaziy saylov komissiyasi Boriy Alixonov hamda Narimon Umarovning deputatlik vakolatini tugatish to‘g‘risida, shuningdek, prezident farmoni asosida ularni Senat a’zolari ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilganini xabar qilgan edik.