Qirg‘iziston prezidenti vazifasini bajaruvchi, bosh vazir Sadir Japarov iqtisodiy amnistiya e’lon qildi va noqonuniy ravishda qo‘lga kiritilgan mol-mulkni davlat g‘aznasiga qaytarishlari uchun poraxo‘r amaldorlarga 30 kun muhlat berdi. Tegishli bayonot mamlakat hukumati saytida e’lon qilindi.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi 30 yil ichida energetika, bojxona va soliq xizmati, dori vositalari bilan ta’minlash, litsenziyalash, yer osti boyliklaridan foydalanish va boshqa sohalarda «tizimli korrupsiya sxemalari rivojlangan».

Sadir Japarovning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy amnistiya davlat byudjetini to‘ldirish, ilgari noqonuniy ravishda olib chiqilgan kapitalni qaytarish, tadbirkorlik doiralarining yashirin resurslarini qonuniy yo‘lga olib kirish, tadbirkorlar uchun teng sharoitlarni yaratish, ijobiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishish, iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur mablag‘larni topishga va mamlakatning tashqi qarzini to‘lashni ta’minlashga imkon beradi.

«Shu munosabat bilan, oddiy odamlarni aldab, ulardan foyda ko‘rgan, jinoiy sxemalar uyushtirgan poraxo‘rlar; turli kompaniyalarda o‘z aksiyalariga ega bo‘lgan sobiq amaldorlar; reyderlik yo‘li bilan yirik korxonalarning aksiyalarini noqonuniy ravishda egallab olgan mansabdor shaxslar; soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan tadbirkorlar; amaldagi qonun hujjatlari buzilishida ishtirok etgan yoki ushbu xatti-harakatlarni amalga oshirishda yordam bergan ayrim mansabdor shaxslar; vazirliklar va idoralar rahbarlari; bojxona xodimlari va moliyachilar! Men sizlarga 30 kun beraman! Sizdan hamma narsani oshkor qilishingizni va mavjud bo‘lgan faktlar to‘g‘risida haqiqiy ma’lumotlarni oshkor etishingizni istayman. Ushbu yo‘l bilan egalik qilinayotgan barcha narsalarni davlat xazinasiga qaytarishni talab qilaman!» — dedi Sadir Yaparov.

U qisqa vaqt ichida iqtisodiy amnistiya va pul mablag‘lari, ko‘char va ko‘chmas mulkni legallashtirish uchun qonuniy asos tayyorlanishiga va’da berdi.

«Agar siz ushbu imkoniyatdan foydalanmasangiz va iqtisodiy amnistiyani e’tiborsiz qoldirsangiz, qonunchilikka muvofiq eng qat’iy choralar ko‘riladi. Va’da beramanki, har biringizning mulkingizni, kapitalingizni qayerda bo‘lmasin, aniqlaymiz», — dedi Sadir Japarov.

Qirg‘iziston rahbari v.b. deklaratsiya qilingan mol-mulk va daromadlarning daxlsizligini, barcha jazo turlaridan ozod qilinishini va maxfiylikni kafolatlashini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston parlamenti deputati Aynuru Altibayeva oddiy fuqarolardan pul yig‘ib, mamlakatning tashqi qarzini, xususan, Xitoy oldidagi qarzdorlikni uzishga chaqirgani haqida xabar bergan edik.

Ma’lumot uchun, ayni paytda Qirg‘izistonning milliy qarzi o‘sib bormoqda va iyul holatiga ko‘ra 4,8 mlrd dollardan oshgan. Bu holat butun mamlakat tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Byudjet kamomadi ham o‘sib bormoqda — yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich taxminan 400 mln dollarga yetishi mumkin. Shuningdek, mamlakat tashqi qarzining 43 foizi Xitoydan olingan.