O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi, Xalq qabulxonalari mas’ul xodimlari boshchiligida 20 ga yaqin vazirlik va idoralar ishtirokida Farg‘ona viloyati aholisi uchun sayyor qabullar tashkil etildi, deya xabar qildi Prezident Xalq qabulxonalari matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Muloqotlar Uchko‘prik, O‘zbekiston, Bog‘dod, Farg‘ona hamda Toshloq tumanlarida tashkil etilgan bo‘lib, Farg‘ona viloyatining barcha hududidagi aholini qamrab oldi. Jami 2 300 ga yaqin murojaatchi ishtirok etdi.

Qabullar davomida ichki ishlar faoliyatiga oid, sud qarorlari yuzasidan va prokuratura organlariga eng ko‘p murojaat kelib tushdi. Shuningdek, mazkur qabullar viloyatda bank tizimi, gaz va elektr ta’minoti, mehnat va bandlik, yo‘llarni ta’mirlash, uy-joy, moddiy yordam, ijtimoiy ta’minot, sud qarorlari ijrosi va aliment, sog‘liqni saqlash, kadastr, maktabgacha ta’lim va xalq ta’limi masalalarida ham yechimini kutib turgan ko‘plab muammolar borligini ochiq-oydin ko‘rsatib berdi.


Qishloq hududlaridagi aholi murojaatlarining salmoqli qismini kommunal xo‘jalik idoralari faoliyatidan qonikmaslik, toza ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr ta’minoti masalalari tashkil etdi. Mazkur masalalar yuzasidan ham mutasaddi idoralar xodimlari murojaatchilar bilan birma — bir qabullar o‘tkazishdi xamda zudlik bilan aytilgan muammolarni hal etish va ta’minot masalalarini yechishga kirishildi.

Jumladan, 395 dona simyogoch yangi temirbeton tayanchlarga almashtirildi. Shuningdek, 20 dona transformator punkti o‘rnatildi hamda 33,2 km havo tarmog‘i tortildi. Toza ichimlik suvi ta’minoti buyicha qoloq hududlarda ishlar jadallashdi. Transheyalar kovlanib, suv quvurlari tarmoqlari tortildi.

Xonadonlarga 1 000 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. 22 355 ta aholi xonadoni tabiiy gaz bilan ta’minlandi xamda 6 ta ijtimoiy soha ob’ekti tabiiy gaz tarmog‘iga ulandi.

Aholi murojaatlari katorida yo‘llarni ta’mirlash buyicha 127 ta ariza qabul qilindi. Ichki yo‘l ta’miri bo‘yicha vaziyat joylarga chiqib alohida o‘rganildi va natijada qariyb 2,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, 18 km yo‘l ta’mirlandi, 2 km yo‘l asfaltlashtirildi, 6 km yo‘l shag‘al bilan qoplandi, 11 km yo‘l joriy ta’mirlandi.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash alohida masala tariqasida o‘rganildi. Ayniksa, tadbirkorlik sub’ektlari vakillari, o‘z ishini boshlash istagidagi yoshlar,xotin-qizlar o‘rtasida biznesni qo‘ullab-quvaatlashga qaratilgan masalalarjiddiy tahlil qilindi. 12 ta tadbirkorlik sub’ektiga 4 mlrd so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari ajratildi. Biznes sohasiga ilk qadamini qo‘ya boshlagan 38 nafar fuqaroga 1,5 mlrd so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit ajratilishiga erishildi.

Shu tariqa bank sohasiga oid 90 ta masala o‘rganilgan bo‘lsa, sog‘liqni saqlash bo‘yicha ham yuzlab murojaatlar kelib tushdi. 35 nafar fuqaroga davolanish uchun order berildi, 8 nafar fuqaroga nogironlikka chiqish uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tayinlandi. 21 nafar bola viloyat ko‘ptarmoqli tibbiyot markaziga yo‘llanma bilan yuborildi.

Ushbu tartibda o‘tkazilgan sayyor qabullar davomida 2 332 ta masala bo‘yicha murojaatlar qabul kilinib, ularning 41,5 foizi joyida ijobiy hal etildi. 22 foiz murojaatga huquqiy tushuntirishlar berilib, murojaatlarning qolgan 31,5 foizi ijro uchun nazoratga olindi.