Shavkat Mirziyoyev «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonni imzoladi, deya xabar qildi O‘zA.

Farmonga muvofiq, 2020−2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.

Asosiy yo‘nalishlar quyidagilarni nazarda tutadi:

  • 2025 yilga qadar davlat maktabgacha ta’lim tizimida o‘zbek tilli guruhlar qamrovini 72 foizga, 2030 yilgacha esa 80 foizga yetkazish;
  • 2030 yilga qadar umumta’lim maktablarida o‘quv yillari uchun tayanch o‘quv rejalarida ona tili fanini o‘qitish ko‘lamini amaldagi haftada 84 soatdan 110 soatgacha oshirish;
  • oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili kafedralari sonini 2025 yilga qadar 120 taga, 2030 yilgacha esa 140 taga yetkazish;
  • lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida «O‘zbekiston milliy qomusi» jildlarini nashr etishni bosqichma-bosqich ko‘paytirib borish;
  • 2020 yilda o‘zbek tilining lug‘at boyligini oshiruvchi 15 ta lingvistik, sohaviy-terminologik, izohli lug‘atlar yaratish;
  • teleradiokanallar suxandon-boshlovchilarining o‘zbek adabiy tilidagi nutq madaniyatini oshiruvchi qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish tizimini joriy etish va qamrovni 2030 yilgacha 100 foizga yetkazish;
  • 2025 yilga qadar davlat tilida sohaviy ish yuritish hujjatlarining yagona elektron namunalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish uchun 14 ta onlayn dastur ishlab chiqish, 2030 yilgacha esa ushbu ko‘rsatkichni 25 taga yetkazish;
  • dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha ilovalari va elektron lug‘at dasturlarini yaratish;
  • xorijliklar uchun o‘zbek tilini o‘rgatuvchi dasturlar yaratish;
  • 2030 yilga qadar xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tilini o‘rgatuvchi markazlar sonini amaldagi 17 tadan 60 tagacha ko‘paytirish;
  • 2025 yilga qadar «O‘zbek tilining do‘stlari» klublari sonini 30 taga, 2030 yilgacha esa 40 taga yetkazish.