Is gazi (SO) rangsiz, hidsiz zaharli birikma bo‘lib, tabiiy gaz, yoqilg‘i, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘lari to‘liq yonmasligi oqibatida xosil bo‘ladi. Tutun tarkibida 3%, ishlangan gazda 13%, portlovchi gazlar tarkibida esa 50−60% gacha is gazi bo‘ladi.

Is gazidan shamollatish tizimi yaxshi ishlamaydigan organik moddalarni ishlab chiqaradigan korxonalarda, avtoulovlar turar parklarda, yangi bo‘yalgan va shamollatilmagan xonalarda, shuningdek, uy sharoitlarida tabiiy gaz chiqib turganda va pechka bilan istiladigan uylar, hammomlarda, dam olish palatkalarida yonuvchi moddaning to‘liq yonmasligi natijasida zaharlanish mumkin.

Is gazi organizmga nafas a’zolari orqali ta’sir etadi. Ushbu gaz gemoglobin bilan kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma — karboksigemoglobin hosil qiladi. Oqibatda gemoglobinning to‘qimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiyaga, og‘ir holatlarda esa — anoksiyaga olib kelishi xamda shu tariqa inson hayotdan ko‘z yumishi mumkin.

Tahlillarga ko‘ra, is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga kelmoqda:

  • fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik;
  • nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;
  • isitish pechlarining dudburonlarini noto‘g‘ri o‘rnatish;
  • gaz yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga moslashtirilgan isitish pechlari hamda suyultirilgan uglevodorod gaz balonlarini (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;
  • oshxonada o‘rnatilgan tabiiy gazda ishlovchi gaz plitalardan xonalarni isitish maqsadida foydalanish;
  • havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko‘mir va o‘tin cho‘g‘lari)dan foydalanish;
  • havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to‘sib) qo‘yish.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan sabablarga ko‘ra isitish uchun foydalanilayotgan yoqilg‘i (gaz, ko‘mir, o‘tin va boshqa)ni chala yonishi natijasida is gazi xosil bo‘ladi.

Is gazi vujudga kelishi sabablariga yo‘l qo‘ymaslik va undan zaharlanmaslik uchun bir qator ehtiyot choralarini ko‘rish tavsiya etiladi.

Jumladan, gaz plitasidan binoni isitish va uning ustida kiyimlarni quritish, shuningdek plitani nazoratsiz yoqilgan holatda qolishiga yo‘l qo‘ymaslik. Bundan tashqari, gaz sizib chiqayotganini ochiq olov, masalan gugurt chaqib tekshirib ko‘rish mumkin emas.

Xonadonlarga is gazini aniqlovchi qurilma o‘rnatish tavsiya qilinadi. Zero, qurilmani sotib olish va o‘rnatish xarajatlari oila a’zolari, ayniqsa yosh bolalarning hayotidan qimmatga tushmasligi aniq.

Gaz ballonlarini issiqlik manbaiga yaqin joyda qoldirmaslik lozim.

Agarda binoda gaz hidi sezilsa, oyna va eshiklarni zudlik bilan ochish, ko‘chaga chiqish va 104 raqami orqali gaz xo‘jaligi avariya-dispecherlik xizmati yoki 1050 raqami bo‘yicha qutqaruv xizmatiga qo‘ng‘iroq qilish kerak. bunday holatlarda chiroq, olov yoqish, elektr uskunalarni ishga tushirish taqiqlanadi.

Bolalarni gaz uskunalaridan foydalaniluvchi joylarda nazoratsiz qoldirish mumkin emas.