Germaniyaning Baden-Vyurtemberg ma’muriy sudi 16 oktyabr kuni bo‘lgan jarayonda ayol bilan qo‘l berib ko‘rishishdan bosh tortgan musulmon erkakning fuqarolik olish arizasini rad etdi. Bu haqda Deutsche Welle ma’lumot berdi.

40 yoshli erkak 2002 yilda Livandan Germaniyaga kelgan. Tibbiyot sohasida mutaxassis bo‘lgan shaxs hozirda Germaniya klinikasida shifokor. 2012 yilda u Germaniya konstitutsiyasiga sadoqati va ekstremizmga qarshi kurash to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolash orqali fuqarolikni olish uchun murojaat qildi. Keyinchalik u fuqarolikni qabul qilish imtihonini eng yuqori ballga topshirdi.

2015 yilda hujjatlarni olib, davlat xizmatchisi bo‘lgan ayol kishining qo‘lini siqishdan bosh tortganidan so‘ng, uning arizasi bekor qilindi. Bu hodisani shaxs xotiniga boshqa ayolga qo‘l bermaslikka va’da bergani bilan izohladi.

Shaxs Shtutgart ma’muriy sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qildi, ammo u yerda arizasi rad etildi. Shundan so‘ng u yuqori Baden-Vyurtemberg sudiga murojaat qildi. U yerda ham sud shaxsning arizasini qabul qilmadi. Sud bayonotida ayol bilan qo‘l berib ko‘rishdan bosh tortgan shaxs «Germaniyada yashash sharoitlariga moslasha olmasligi» ta’kidlandi.

Shuningdek, sud qo‘l berib ko‘rishish salomlashish va xayrlashishning og‘zaki nutqiy marosimi ekanligini, bu aloqador tomonlarning jinsiga bog‘liq emasligini ta’kidladi. Shartnoma tuzishda ramziy ma’noga ega bo‘lgan ushbu imo-ishora qonuniy ahamiyatga egaligi ham ta’kidlandi. Qarorda aytilishicha, kim jinsi bo‘yicha qo‘l berishni rad etsa, Germaniya konstitutsiyasida belgilangan tenglikni buzadi.