15 oktyabr kuni «Agrobank» G‘allaorol tumani bo‘limi binosi yaqinida joylashgan bankomatdan pul mablag‘larini tunamoqchi bo‘lgan yigit voqea joyida qo‘lga olindi. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya Jizzax viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi xodimlari soat 00:40 larda kuzatuv kamerasi monitori orqali bank binosi yonida joylashgan bankomat xonasiga no’malum shaxs tomonidan yuziga niqob taqqan holda kirib, pul mablag‘larini g‘ayriqonuniy ravishda olishga urinayotganligini ko‘rishadi.

Xodimlar tomonidan ko‘rilgan tezkor chora-tadbir natijasida ushbu shaxs bankomat xonasidan chiqib ketishga ulgurmay ushlangan. Shundan so‘ng xodimlar tomonidan tuman IIBga xabar berilgan va voqea joyiga yetib kelgan tezkor tergov guruhiga o‘rnatilgan tartibda topshirilgan.

Holat yuzasidan fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilganda, u G‘allaorol tumani Qipchoqsuv QFYda yashovchi 1999 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan O. Z. ekani ma’lum bo‘ldi. Hozirda tuman IIB tomonidan tergovga qadar surishturuv ishlari olib borilmoqda.