Bosh prokuratura tomonidan kuz-qish mavsumi uchun aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga ko‘mir mahsulotlari yetkazib berish hamda zaxirasini yaratishda qonun buzilishi holatlarining oldini olish, narx-navo barqarorligini saqlash bo‘yicha kompleks chora — tadbirlar amalga oshirilmoqda, deyiladi Bosh prokuratura boshqarma prokurori, adliya maslahatchisi D.Valijonov maqolasida.

Jumladan, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning hududiy boshqarmalari huzurida tegishli vazirlik va idora xodimlaridan iborat aholi hamda ijtimoiy soha ob’ektlariga ko‘mir va suyultirilgan gaz mahsulotlari yetkazib berishni muvofiqlashtiruvchi idoralararo tezkor shtablar tashkil etildi.

Aholi uchun ko‘mir va suyultirilgan gaz yetkazib berishda yuzaga keladigan muammolar yuzasidan alohida «ishonch telefoni»ni tashkil etildi.

Ko‘mir mahsulotlari ishlab chiqarilishidan boshlab aholi va ijtimoiy soha tashkilotlari ehtiyojlari uchun yetkazib berish hamda saqlashgacha bo‘lgan jarayonlar ustidan doimiy nazorat o‘rnatildi.

Ko‘mir mahsulotlarini aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga yetkazib berish

Kuz — qish mavsumi uchun aholiga yetkazib berilishi lozim bo‘lgan 940 ming tonna ko‘mir mahsulotlaridan 32 foizi yoki 300 ming tonnasi «O‘zbekko‘mir» AJ tomonidan 91 ta hududiy omborlarga yetkazib berilgan bo‘lsa, shundan atigi 10 foizi (29 ming tn.) aholi tomonidan olib ketilgan.

Ma’lumot uchun: Andijonda omborlardagi 70 697 tonna ko‘mir mahsulotlarining 9 foizi, Namanganda 58 890 tonnadan 2 foizi, Farg‘onada 56 500 tonnadan 5 foizi, Samarqandda 25 303 tonnadan 29 foiz, Buxoroda 12 192 tonnadan 7 foizi va Jizzaxda 6 587 tonnadan 17 foizi, Surxondaryoda 6 441 tonnadan 11 foizi, Xorazmda 18 842 tonnadan 40 foizi, Sirdaryoda 3 329 tonnadan 51 foizi va Qashqadaryoda 8 782 tonnadan 1 foizi aholiga yetkazilgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Toshkent viloyatlarida aholi tomonidan ko‘mir mahsulotlari olib ketilmagan.

Ijtimoiy soha ob’ektlariga yetkazib berish rejalashtirilgan 405,4 ming tonna ko‘mir mahsulotlaridan 94 foizi, ya’ni 370 ming tonnasi «O‘zbekko‘mir» AJning hududiy omborlariga yetkazilgan. Byudjet muassasalari tomonidan ushbu ko‘mir mahsulotlaridan 257 ming tonnasi yoki 74 foizi tashib ketilgan.

Xususan, 40 ming tonna (umumiy ehtiyojga nisbatan 86 foiz) sog‘liqni saqlash, 45 ming tonna (78 foiz) maktabgacha ta’lim, 156 ming tonna (73 foiz) xalq ta’limi hamda 17 ming tonna (53 foiz) oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari tomonidan qabul qilib olingan.

Pul mablag‘larining ajratilishi va moliyalashtirilishi

Byudjet tashkilotlariga ko‘mir mahsulotlarini xarid qilish uchun byudjetdan jami 171 mlrd so‘m mablag‘lar iyul-oktyabr oylarida reja-grafik asosida ajratib berilishi belgilangan.

Bu borada mavjud muammolarni bartaraf qilish yuzasidan ko‘rilgan choralar natijasida 9−16 oktyabr kunlari maxalliy byudjetlardan 8,2 mlrd so‘m ijtimoiy soha muassasalariga ajratilishi ta’minlandi.

Biroq ushbu maqsadlar uchun mahalliy byudjet mablag‘laridan ajratilishi lozim bo‘lgan 143 mlrd so‘m mablag‘dan atigi 43 foizi (62,2 mlrd so‘m) moliyalashtirilgan, xolos.

Ma’lumot uchun: Andijon viloyatiga grafik bo‘yicha moliyalashtiriliish belgilangan mablag‘larning 72 foizi, Farg‘onada — 70 foiz, Surxondaryoda — 67 foiz, Jizzaxda — 63 foiz, Qashqadaryoda 60 — foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 56 foiz, Navoiyda — 51 foiz, Toshkent viloyatida 48 foiz, Namanganda — 47 foiz, Sirdaryoda — 46 foiz, Xorazmda — 35 foiz va Buxoroda 28 foizi amalga oshirilmagan.

Oqibatda, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan 9,7 mlrd so‘m (89 foizi), Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 45,3 mlrd so‘m (58 foiz), Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan 14,6 mlrd so‘m (57 foiz) va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 3,5 mlrd so‘m (19 foiz) to‘lovlar amalga oshirilmasdan turibdi.

Nazorat tadbirlari natijalari

Prokuratura organlari tomonidan kuz-qish mavsumi uchun ko‘mir mahsulotlarini xarid qilish, taqsimlash, yetkazib berish, saqlash va sarflash jarayonlarida qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha barcha darajadagi vazirlik va idoralarning (Sog‘liqni saqlash, Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim, Energetika, Transport, Moliya, Mahalla va oilani qullab — quvvatlash vazirliklari, «O‘zbekqumir» va «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJlari, «Ko‘mir yetkazuvchi"unitar korxonasi, viloyatlar hokimliklari va h.k) 400 nafardan ortiq mansabdor va moddiy javobgar shaxslari rasman ogohlantirildi.

Nazorat tadbirlarida aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga yetkazib berilayotgan ko‘mir mahsulotlarining sifati va belgilangan talablar asosida saqlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Masalan, «O‘zenergoinspeksiya» tomonidan ijtimoiy soha ob’ektlarining ko‘mir saqlash omborlari holati o‘rganilganida, Maktabgacha ta’lim vazirligidagi 351 ta, Xalq ta’limi vazirligidagi 625 ta, Sog‘liqni saqlash vazirligidagi 259 ta hamda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligidagi 31 ta ombor mavsumga tayyor emasligi aniqlangan.

Bundan tashqari, joyiga chiqqan holda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida «O‘zbekko‘mir» AJga qarashli 91 ta hududiy omborning 55 tasi qoniqarsiz ahvolda ekanligi aniqlandi.

Xususan, Farg‘ona (8 ta), Qashqadaryoda (7 ta), Surxondaryo va Jizzaxda — (6 tadan), Navoiyda (5 ta) da mavjud barcha omborlarning tom qismi to‘liq yopilmaganligi, yog‘ingarchilik va quyosh nuridan himoyalanmganligi, yong‘in xavfsiligi talablariga jabor bermasligi sababli qoniqarsiz deb topilgan bo‘lsa, Samarqandda 12 tadan 7 tasi, Xorazmda 11 tadan 5 tasi, Toshkent viloyatida 7 tadan 3 tasi, Andijonda 7 tadan 6 tasi va Buxoroda 5 tadan 2 tasida shu kabi kamchiliklar qayd etilgan.

Mazkur omborlardagi kamchiliklarni bartaraf etilishi hududiy prokurorlar tomonidan nazoratga olindi.

Ko‘mir mahsulotlarining talon-toroj qilinishini oldini olishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Xususan, Departament organlari tomonidan shu kungacha bu borada 5 ta jinoyat fosh etilib, 684 tonna ko‘mir mahsulotlari talon-toroj qilinishining oldi olindi.

Jumladan:

  • «O‘zbekko‘mir» AJning «Karmana ko‘mir ombori» xodimlari J.M va A.B 58,5 tonna ko‘mir mahsulotlarini go‘yoki «Xatirchi ko‘mir ombori»ga yuborilgani haqida qalbaki hujjatlar rasmiylashtirib, Samarqand viloyatida yashovchi fuqaro G‘.A.ga har bir tonnasini 510 ming so‘mdan sotayotgan vaqtida ushlangan;
  • «Navoiy ko‘mir yetkazuvchi» filiali mansabdor shaxslari jami 71,7 mln so‘mlik 174 tonna tayyor ko‘mir briketini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan;
  • «O‘zbekko‘mir» AJning «Farg‘ona ko‘mir yetkazuvchi» filiali Oltiariq tuman ombori xodimi I.I byudjet tashkilotlariga tarqatish uchun ajratilgan 345 tonna ko‘mirni 100 mln so‘mga noqonuniy ravishda sotgani aniqlangan;
  • «Andijon ko‘mir yetkazuvchi» filiali Asaka tuman ombori mudiri M.X 27,5 tn ko‘mirni fuqaro D.Xga 15,8 mln so‘mga sotgani aniqlangan.

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, bugungi kunda kuz-qish mavsumi uchun aholiga yetkazib berilishi lozim bo‘lgan ko‘mir maxsulotlari «O‘zbekko‘mir» AJ ning 91 ta hududiy omborga yetkazib berilmoqda, ko‘mir mahsulotlariga extiyoji bor aholi ko‘mirni 1 tonnasini 300,3 ming so‘mdan, ko‘mir briketini 412,5 ming so‘mdan sotib olishlari mumkin.

Agarda ushbu omborlarda qayd etilgan narxdan baland narxda sotish, ta’magirlik holatlari, shuningdek suyultirilgan gaz yetkazib berilishi, uning narxlari bilan yuzaga kelgan muammolar bo‘yicha idoralararo tezkor shtablarning kuyidagi «Ishonch telefoni»ga murojaat qilishlari so‘raladi.


Idoralararo tezkor shtab «Ishonch telefon» raqamlari




1

Markaziy shtab

71−233−10−07

2

Qoraqalpog‘iston Res.

61−223−10−07

3

Andijon viloyati

74−234−40−90

4

Buxoro viloyati

65−221−58−26

5

Jizzax viloyati

72−222−82−80

6

Qashqadaryo viloyati

75−226−08−89

7

Navoiy viloyati

79−225−27−29

8

Namangan viloyati

69−234−40−36

9

Samarqand viloyati

66−237−80−00

10

Surxondaryo viloyati

76−224−06−82

11

Sirdaryo viloyati

67−225−17−56

12

Toshkent viloyati

71−250−82−04

13

Farg‘ona viloyati

73−226−48−81

14

Xorazm viloyati

62−228−50−16, 62−228−50−20