O‘zbekiston Qahramoni, sobiq senator, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining mudiri, taniqli arxeolog G‘ayratdin Xojaniyazov 72 yoshida vafot etdi. Bu haqda Fanlar akademiyasi xabar bermoqda.

U 1948 yili Qorao‘zak tumanida tug‘ilgan. 1972 yili O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston filialining N.Davqorayev nomidagi Tarix, til va adabiyot institutining arxeologiya bo‘limiga ishga kirgan. Keyinchalik Moskva davlat universitetida, Moskvadagi Fanlar akademiyasining Arxeologiya institutida tajriba orttirgan.

1994 yildan boshlab O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tasarrufidagi yangi ochilgan Tarix, arxeologiya va etnografiya institutining arxeologiya bo‘limida dastlab ilmiy xodim, so‘ngra bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. U so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Arxeolog Qoraqalpog‘istondagi ko‘plab tarixiy hududlardagi arxeologik yodgorliklarida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan va ekspeditsiyalarga rahbarlik qilgan.

G‘.Xojaniyazovning 2003 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan, 2008 yilda «O‘zbekiston Qahramoni» buyuk unvoniga sazovor bo‘lgan.

2014 yilda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengashiga deputat, 2015 yilda esa O‘zbekiston Senati a’zosi etib saylangan.