Navoiy viloyatining Konimex tumanidagi 2-sonli «Oltin kalit» maktabgacha ta’lim tashkiloti shu yilning fevral oyida tantanali ravishda foydalanishga topshirilgan edi. Bog‘cha qurilishi uchun 4 mlrd so‘m sarflangan. Shunga qaramasdan, hozirda muassasa ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalining «Fakt 24» ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.

«Mart oyining ikkinchi yarmida barcha ta’lim tashkilotlari karantin sabab yopilgan bo‘lsa, yangi bog‘cha qancha muddat faoliyat yuritdiki ta’mirga muhtoj bo‘lsa, yaxshi hamki hali yog‘in-sochinli kunlar kelmadi. Xo‘sh, bunga sabab nima? Davlat tomonidan ajratilgan mablag‘ manzilga yetib bormadimi? Sifatli loyiha qog‘ozda qolib, unga ajratilgan milliardlar qayoqqa ketdi?» — deyiladi ko‘rsatuvda.


«Fakt 24» ko‘rsatuvdan lavha.

Videodan ko‘rish mumkinki, binoning ichki devori va shiftida yoriqlar paydo bo‘lgan, bunga esa qurilish vaqtida g‘ishtlarning noto‘g‘ri terilgani sabab qilib ko‘rsatiladi. Konimex tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i Xonimgul Norboyeva esa intervyu davomida: «Yuqori tashkilotimizga xat bilan chiqdik. Bo‘limimiz qurilish firmalariga chiqib, maslahatlashib, buzib, devorni qaytadan tiklash ishlari boshlanib ketudi», — deya qayd etadi.

«Qaytadan butunlay devorni yangidan qilib berishni masalasini biz ko‘tarib chiqdik. Hech qanday devor qulamagan, faqat yoriq bo‘lgan edi. Yoriqni olib tashlab, gipsokarton bilan ta’mirlab berishdi. Bu qo‘shimcha xojatxona va yuvinish xonalarining devorlari», — deydi bog‘cha direktori Bibigul Ahmedova.

Shuningdek, ko‘rsatuvda Konimexda har kuni bir bino qurilib, rahbarlarning bosh qashishga vaqti yetmaydigan darajada bunyodkorlik bo‘lmayotgani, mahalliy hokimlik vakillari mas’uliyatsizligi, yangi bino shu ahvolda qurilib, buni hech kim nazoratga olmasligiga e’tibor qaratiladi.

Ma’lumot o‘rnida, respublikada so‘nggi 4 yil ichida maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 3 barobarga oshib, 5200 tadan 14200 taga yetdi. Bolalarni qamrab olish esa 54 foizga yetkazilgan. Davlat xususiy sheriklik mexanizmi joriy etilishi natijasida 223 mingdan ortiq o‘ringa ega bo‘lgan 7400 ta xususiy bog‘cha tashkil qilindi.