Isroil va Bahrayn rasman diplomatik aloqalarni o‘rnatdi

Foto: Matty Stern / US Embassy Jerusalem

Isroil va Bahrayn rasmiy ravishda diplomatik aloqalarni o‘rnatdi. Tegishli bitim yakshanba kuni Bahrayn poytaxti Manamada imzolandi. Hujjatni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Meir Ben-Shabbat va Bahrayn tashqi ishlar vaziri Abdullatif bin Rashid az-Zayani imzoladilar. AQSH delegatsiyasiga Stiven Mnuchin rahbarlik qildi. — Gazeta.uz

Norvegiyada yangi koronavirus turi topildi

Norvegiyalik shifokorlar Trondxaym shahrida SARS-CoV-2 koronavirusining yangi turini aniqlashdi. «Bu virusning qayerdan kelib chiqqanini bilmaymiz. Hozirgacha Norvegiyada virusning bunday variantlari bo‘lmagan. Xalqaro ma’lumotlar bazalarida qidiruv o‘tkazildi va bu tur u yerda ham topilmadi», — deb tushuntirdi kommuna bosh shifokori Tuve Rosstad. Mutaxassisning gaplariga ko‘ra, ushbu turdagi kasallikka chalinish ehtimoli yanada oshdi. — RIA Novosti.

Turkmanistonda aholi niqob taqishga chaqirildi

Rasmiy ravishda koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan Turkmanistonda Sog‘liqni saqlash va tibbiy sanoat vazirligi mamlakat aholisini tibbiy niqoblarini taqishga va masofa saqlashga chaqirdi. «Hurmatli fuqarolar! Sog‘lig‘ingizni mustahkamlash uchun sizga tibbiy niqob taqishni, odamlar ko‘p bo‘lgan joylarda ikki metr masofani saqlashni va shaxsiy gigiyena talablariga rioya qilishni maslahat beramiz», — deyiladi Turkmaniston Sog‘liqni saqlash vazirligi SMS-xabarida. — RIA Novosti.

Dunyo bo‘ylab COVID-19 bemorlari soni 40 mln kishidan oshdi

Jahonda tasdiqlangan koronavirus holatlari soni 40 mln kishidan oshdi. AQSHda 8,1 mln kishiga COVID-19 tashxisi qo‘yilgan bo‘lib, mamlakat ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallab turibdi. Ikkinchi o‘rinda Hindiston joylashib, hozirda mamlakatda 7,5 mln dan ortiq kishida COVID-19 aniqlangan. Uchinchi o‘rinda 5,2 mln nafar bemorlar bilan Braziliya turibdi. Keyingi o‘rinlarda esa Rossiya (1,4 mln) va Argentina (989 ming) bormoqda. Dunyo bo‘yicha 1 mln 113 mingdan ortiq inson koronavirusdan vafot etdi. Ulardan 219,6 ming nafari — AQSHda, 153,6 mingi — Braziliyada, 114,6 mingi — Hindistonda. COVID-19 dan tuzalganlar soni esa 27,5 mlnga yetdi. — Gazeta.uz