Jahonda tasdiqlangan koronavirus holatlari soni 40 mln kishidan oshdi. Bu statistika AQSHning Jons Xopkins universiteti ma’lumotlar bazasida keltirilgan.

AQSHda 8,1 mln kishiga COVID-19 tashxisi qo‘yilgan va mamlakat ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallab turibdi. Ikkinchi o‘rinda Hindiston joylashib, hozirda mamlakatda 7,5 mln dan ortiq kishida COVID-19 aniqlangan. Uchinchi o‘rinda 5,2 mln nafar bemorlar bilan Braziliya turibdi. Keyingi o‘rinlarda esa Rossiya (1,4 mln) va Argentina (989 ming) bormoqda.

Dunyo bo‘yicha 1 mln 113 mingdan ortiq inson koronavirusdan vafot etdi. Ulardan 219,6 ming nafari — AQSHda, 153,6 mingi — Braziliyada, 114,6 mingi — Hindistonda. COVID-19 dan tuzalganlar soni esa 27,5 mlnga yetdi.

Qozog‘istonda koronavirus infeksiyasi yuqtirganlar soni 109 mingga yetgan. Qirg‘izistonda esa ushbu ko‘rsatkich 52 mingdan, Tojikistonda 10 mingdan va Afg‘onistonda 40 mingdan oshgan.

SSVning xabar berishicha, O‘zbekistonda 19 oktyabr soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 63 430 nafarni tashkil etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyo bo‘ylab koronavirus yuqtirganlarning soni 30 mlnga yetgani va biroz o‘tib, qurbonlarining soni 1 mln dan oshgani haqida xabar bergan edik.