Respublika patologik anatomiya markazi direktori, SSV bosh patologoanatomi Rajabboy Isroilov ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etganlarning jasadi berilishini qarindoshlari muassasa eshigi oldida uzoq vaqt kutib qolayotgani aks etgan videorolik yuzasidan izoh berdi. Tasvirda ayollardan biri ba’zilar jasadni olish uchun 5 kun kutishlari kerakligini aytadi.

«Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida joriy yilning 1 avgust kunidan boshlab patologik anatomiya bo‘limi faoliyati tashkil etildi. Endilikda, ortiqcha ovoragarchiliklariga yo‘l qo‘ymaslik, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida mazkur shifoxonada vafot etganlarning mayitini qarindoshlari ushbu bo‘limdan olib ketishlari mumkin. Bundan avval mayit Respublika patologik anatomiya markaziga olib borilardi», — deya Rajabboy Isroilovning so‘zlarini e’lon qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 28 martdagi «Koronavirus kasalligi bilan ro‘yxatga olingan yoki gumon qilinib, vafot etgan bemorlar jasadini dafn etishda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha vaqtincha qoidalar»ga asosan, o‘lim sodir bo‘lgan bo‘limda 2 soat saqlanib, shundan so‘nggina patologik anatomiya bo‘limiga olib kelinadi. Keyin murda ro‘yxatdan o‘tkazilib, 3 foizli xlorli eritmada zarasizlantiriladi, murdaning diniy e’tiqodiga ko‘ra, yuvilib (kafanlanib yoki kiyintirib) qarishdoshlariga topshiriladi.

«Bu amaliyotlar o‘tkazilishi uchun o‘rtacha 3−4 soat vaqt talab etiladi. Bu vaqtda qarindoshlar muassasa eshigi tagida kutib qolmoqda», — dedi u.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan video va matnli xabarlarda «Koronavirusdan vafot etgan murdalarni olib ketishda navbat kutuvchilar shuncha bo‘lsa, ularning sonini statistika nega kam beryapti», degan mulohaza ham mavjud.

«Patologik anatomiya bo‘limi eshigi oldida kutib turgan odamlarning ko‘pligining sababi aslida bir nafar murdani olib ketish uchun kamida 4 nafar qarindoshi keladi, bu esa o‘z-o‘zidan fuqarolarni vahimaga tushishiga sababchi bo‘lmoqda. Qayd etish joizki, statistika ma’lumotlarini soxtalashtirishdan hech kim manfaatdor emas», — deya ta’kidladi Rajabboy Isroilova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Zangiota tumanidagi yuqumlik asalliklar shifoxonasida nafaqat koronavirus bilan kasallanganlar, balki boshqa turdagi o‘tkir infeksiya va pnevmoniya bilan og‘rigan bemorlar ham davolanmoqda.

«Koronavirusdan vafot etganlar statistikasida faqat „COVID-19“ diagnozi virusologik tekshiruvda tasdiqlanganlar soni beriladi, lekin bu shifoxonada pnevmoniya va boshqa infeksion kasalliklardan ham vafot etayotganlar bor. Tabiiyki, ular koronavirus statistikasiga kiritilmaydi», — dedi u.

SSV bosh patologoanatomi ushbu shifoxonadagi patologoanatomik bo‘limi yanada takomillashtirilib, kechki navbatchilikni ham tashkil qilish va tungi vaqtlarda mayitni qarindoshlariga topshirish imkonini yaratish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Zangiota shifoxonasi atrofida tobut tashiydigan mashinalar narxlarni 700 mingdan boshlab ko‘tarib yuborgan, degan xabarlarga esa, Rajabboy Isroilov jasadlarni yetkazib berish Sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika patologik anatomiya markazi zimmasida emas, deya javob berdi. Uning aytishicha, Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi darvozasi oldida dafn etish marosimini tashkil qiluvchi xususiy tashkilotlar jasadni tashib berishni taklif qilishmoqda.