18 oktyabr kuni Andijon viloyatining Baliqchi tumanida sodir bo‘lgan YTHda ikki kishi halok bo‘ldi va yana to‘rt kishi kasalxonaga yotqizildi, deb xabar berdi IIV huzuridagi Tergov boshqarmasi.

Hodisa 18 oktyabr kuni soat 15:00 da «Afsona» mahallasida sodir bo‘ldi. 40 yoshli F.X. boshqaruvidagi Nexia avtomashinasini Baliqchi-O‘rmonbek avtomobil yo‘lining O‘rmonbek yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, shu yo‘nalishda qarshisidan harakatlanib kelayotgan 53 yoshli A.O‘. boshqaruvidagi Nexia bilan to‘qnashuv sodir etgan.

Natijada Nexia haydovchisi F.X. va yo‘lovchi 53-yoshli J.M. hodisa joyida vafot etgan. Har ikkila avtomashinadagi yana 3 nafar yo‘lovchi va boshqa bir haydovchi turli ko‘rinishdagi tan jarohatlari olib, kasalxonaga murojaat qilishgan.

Mazkur holat yuzasidan Baliqchi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (трaнспорт vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.