Jizzaxda yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki kishi hayotdan ko‘z yumdi, deya xabar berdi IIV huzuridagi Tergov departamenti.

15 oktyabr kuni soat 16:00 da, 26 yoshli Sh. I. o‘zining boshqaruvidagi Nexia avtomashinasida G‘allaorol tumani, Chuvulloq qishlog‘i hududidan o‘tgan Dashtobod-Zomin-Baxmal avtomobil yo‘li bo‘yicha harakatlanib kelayotgan vaqtida, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan 28 yoshli E.R. boshqaruvidagi Nexia avtomashinasi yo‘liga chiqib ketib, u bilan to‘qnashgan.

Natijada, har ikkala avtomashina haydovchilari yo‘l-transport hodisasida olgan tan jarohati sabab hodisa sodir bo‘lgan joyda vafot etishgan.

Shuningdek, marhum E.R. ning boshqaruvidagi Nexia avtomashina yo‘lovchisi B.Sh. hamda Sh. I. ning boshqaruvidagi Nexia avtomashina yo‘lovchisi A.U. lar turli tan jarohatlari olib, G‘allaorol tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan G‘allaorol tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.