Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Geologiya fanlari universiteti kampusi qurilishi bilan tanishdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Davlat rahbari joriy yil 31 yanvar kuni ushbu yangi oliy o‘quv yurti qurilishiga tamal toshi qo‘ygan edi. Loyiha doirasida 6 ta ko‘p qavatli imorat barpo etilishi va 4 tasi rekonstruksiya qilinishi ko‘zda tutilgan. Hozirgi birinchi bosqichda o‘quv korpusi, Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti, Mineral resurslar instituti, Geologiya va geofizika instituti, Geologiya muzeyi binolari, kutubxona, yotoqxona bunyod etilmoqda.

Geologiya fanlari universiteti sohadagi ilmiy muassasalarni jamlagan yaxlit majmua bo‘lishi kutilmoqda. Uning tarkibiga ilgari tarqoq joylashgan 4 ta ilmiy-tadqiqot instituti kiradi. Sohadagi muassasalar bir joyda bo‘lishi mutaxassislarning yaqin hamkorlikda ishlashi, talabalarning ilmiy laboratoriyalarda amaliyot o‘tashini ta’minlaydi. Bu esa binolarga xizmat ko‘rsatish uchun ham qulay va tejamkor, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Prezident shu yerda ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari bilan suhbatlashdi.

«Ilm-fan barcha sohalarni fundamental rivojlantirish uchun asos. Avvaldan e’tibor berganimizda, geologiyaning hamma yo‘nalishlari bo‘yicha 15−20 foiz aholini ish bilan ta’minlashimiz mumkin edi. Mana endi olimlarga sharoit yaratishga harakat qilyapmiz, intellektual mulkni asrab, qo‘llab-quvvatlayapmiz. Intellektual mulk uning egasiga ham, davlatga ham manfaat keltiradi», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev universitetda yaratiladigan sharoitlar bilan qiziqib, qurilish sifatli, laboratoriyalar yuqori texnologiyali bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

«Zamin mustahkam bo‘lishi kerak. Biz bu universitetni kelajak uchun quryapmiz», — dedi davlat rahbari.

Shu yerda loyihaning ikkinchi bosqichi taqdimot qilindi. Bu bosqichda Davlat geologiya qo‘mitasi binosi, Geologiya axborot markazi, Geoinnovatsion texnologiyalar markazi barpo etilishi rejalashtirilgan.