O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 15 oktyabrdagi qarori bilan Sarimsoqpiyoz va to‘qsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi hamda uning hududiy bo‘limlari tashkil etildi.

Hujjatga ko‘ra, Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida Sarimsoqpiyoz yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi tashkil etilganligi, 400 gektar maydonda klaster usulida aholi xonadonlarini biriktirish orqali sarimsoqpiyoz yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Mazkur loyihani amalga oshirish uchun Buloqboshi tumani hokimligiga 7 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdorida 1 yillik muddatga ssuda sifatida ajratiladi.

Avgust piyozi, sarimsoqpiyoz va to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari uyushma taklifiga muvofiq paxta va g‘alla maydonlaridan qisqartirilgan, foydalanishga kiritiladigan, zaxiradagi yerлар, shuningdek, takroriy ekin sifatida g‘alladan bo‘shaydigan va boshqa yer maydonlariga joylashtiriladi.

Ushbu ekinlarni yetishtirish «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida ajratiladigan, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Ma’lumot uchun, ekinlarni kuzda ekib, qor ostida qoldirish usuliga to‘qsonbosdi deyiladi. Bunda qishning to‘qson kuni nazarda tutiladi. Natijada bunday ekinlarning urug‘lari erta ko‘klamda yerdan juda barvaqt unib chiqib, tez rivojlanishi hisobiga erta hosil beradi.