Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti remdesivir, gidroksixloroxin, lopinavir / ritonavir va interferon kabi preparatlarning COVID-19 ni davolashda deyarli ta’sir ko‘rsatmasligini ma’lum qildi.

«JSST tomonidan o‘tkazilgan Solidarity („Birdamlik“) klinik sinovlaridan olingan dastlabki natijalar shuni ko‘rsatdiki, remdesivir, gidroksixlorokin, lopinavir / ritonavir va interferondan foydalanish COVID-19 yuqtirilganidan 28 kun o‘tib yoki kasalxonaga yotqizilganidan keyin ro‘y berayotgan o‘lim holatlarining kamayishiga unchalik ta’sir qilmaydi yoki umuman foyda bermaydi», — deya ma’lum qildi JSST.

30 dan ortiq mamlakatni qamrab olgan Solidarity klinik tadqiqotlarida bemorlarni ushbu dorilar yordamida davolashda kuzatilgan o‘lim ko‘rsatkichlariga ta’siri, sun’iy nafas olishning qanday kechishi va kasalxonada bo‘lish muddatlari o‘rganildi.

Avvalroq, SSV remdesivirni COVID-19 kasalligini davolashda yaxshi natija ko‘rsatayotgan dori vositalaridan biri sifatida keltirgan edi.

Shuningdek, AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida remdesivir dori vositasi Hindistondan import qilinayotgani va «Dori-Darmon» kompaniyasi dorixonalarida 460 ming so‘mdan sotilgani haqida ma’lumot berildi.