Andijondagi qiynoq voqeasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari tamomlandi, deya xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

May oyida Andijon shahar Ichki ishlar organlari Faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 4-sonli ichki ishlar bo‘limi xodimlari fuqaro Alijon Abdukarimovni noqonuniy ushlab turgan holda iqrorlik ko‘rsatuvi berishga majburlash maqsadida zo‘rlik ishlatib bosim o‘tkazishgan. Oqibatda Alijon Abdukarimov vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi ish yurituviga olinib, tergov harakatlari o‘tkazilgan.

Tergov davomida 6 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 104 (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 206 (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 227 (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish), 234 (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) hamda 235 (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) moddalari bilan ayb e’lon qilinib, 5 nafariga qamoqqa olish va bir kishiga nisbatan «munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat» ehtiyot choralari qo‘llanilgan.

Hozirda tergov harakatlari tamomlanib, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudiga mazmunan ko‘rib chiqish uchun yuborildi, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Shuningdek, Senatning xabar berishicha, Andijon shahar bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirishi boshqarmasi (FMB) boshlig‘i Sodiq Usmonov ichki ishlar organlari tizimidan bo‘shatildi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining Langar qishlog‘ida yashovchi fuqaro Yu. A. chorva mollari o‘g‘irligida gumon qilinib, tuman IIB xodimlari tomonidan qattiq kaltaklanishi oqibatida vafot etganлиги yuzasidan, 21 sentyabr kuni, besh nafar sobiq IIB xodimiga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqilib, jinoyat yuzasidan Oliy sud hukmi chiqarilgan edi.