16 oktyabr kuni «Ko‘ksaroy» qarorgohida xorijiy davlatlarning O‘zbekistonga yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari, Eron Islom Respublikasi, Ukraina, Italiya Respublikasi, Isroil Davlati, Pokiston Islom Respublikasi va Hindiston Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchilari Said al-Qamziy, Hamid Nayrobodiy, Nikolay Doroshenko, Agostino Pinna, Zexavit Ben Xillel, Said Ali Asad G‘iloniy va Manish Prabxatdan yorliqlarni qabul qildi.

Davlat rahbari elchilarni O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatini boshlagani bilan samimiy tabriklab, ularga ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi sharafli va mas’uliyatli vazifada katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Prezident yangi elchilar vakillik qilayotgan davlatlar rahbarlariga BMTning bosh organlaridan biri — Inson huquqlari bo‘yicha kengashda O‘zbekiston a’zoligini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati.