Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov iste’foga chiqishga qaror qildi. Bu haqdagi bayonot davlat rahbarining saytida e’lon qilindi.

«Mamlakatimiz poytaxti Bishkek shahrida ijtimoiy va siyosiy vaziyat keskinligicha qolmoqda. Kecha Jogorku kenesh hukumat tarkibini tasdiqladi, men Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti sifatida tegishli lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladim. Ammo bu keskinlikni yumshata olmadi. Afsuski, agressiya susaymayapti, zudlik bilan iste’foga chiqishimga bo‘lgan talablar davom etmoqda», — deyiladi bayonotda.

Sooronbay Jeenbekov vaziyat «ikki tomonlama mojaroga yaqin» ekanligini ta’kidladi, chunki «bir tomonda namoyishchilar, boshqa tomonda huquqni muhofaza qilish idoralari turibdi».

«Men hokimiyatni ushlab turmayapman. Men Qirg‘iziston tarixida o‘z fuqarolari qonini to‘kib, ularga o‘q uzgan prezident sifatida qolishni istamayman. Shuning uchun men iste’foga chiqishga qaror qildim», — dedi u.

«Hech bir hokimiyat mamlakatimizning yaxlitligi va jamiyatdagi totuvlikdan ustun bo‘lolmaydi», — deya xulosa qildi Qirg‘iziston rahbari.