Yevropa Ittifoqi Aleksey Navalniy bilan yuzaga kelgan vaziyat sababli olti nafar rossiyalik amaldorga va bitta ilmiy institutga qarshi sanksiyalar e’lon qildi. Ro‘yxat Yevropa Ittifoqi Kengashi jurnalida e’lon qilindi. Keyinchalik xuddi shunday sanksiyalarni Buyuk Britaniya ham joriy qildi.

Ruyxatga qo‘yidagi shaxslar kiritilgan:

  • Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov;
  • Prezident ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko;
  • Ichki ishlar bo‘yicha prezident boshqarmasi rahbari Andrey Yarin;
  • Prezidentning Sibirdagi mas’ul vakili Sergey Menyaylo;
  • Mudofaa vaziri o‘rinbosarlari Pavel Popov va Aleksey Krivoruchko.

Cheklovlar, shuningdek, «Novichok»ni yaratishda ishtirok etgan Davlat organik kimyo va texnologiya ilmiy-tadqiqot institutiga nisbatan ham qo‘llaniladi.

RIA Novosti xabariga ko‘ra, sanksiyalar Yevropa banklaridagi aktivlarni muzlatish va Yevropa Ittifoqi hududiga kirishni taqiqlashni nazarda tutadi. Rossiya hukumati bunga javoban qarama-qarshi sanksiyalar ham mos ravishda bo‘lishini ma’lum qildi.

Aleksey Navalniy avgust oyida samolyotda parvoz paytida ahvoli og‘irlashib, zaharlanishda gumon qilingan va kasalxonaga yotqizilgan edi. Ikki kundan keyin u Berlinga ko‘chirilgan. Sentyabr oyida Germaniya hukumati Aleksey Navalniyni «Novichok"ka o‘xshash zahar turi bilan zaharlanganligini e’lon qildi.