O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Oqoltin tuman hokimligida qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlari shifokorlari, mahalla faollari va aholi vakillari bilan uchrashdi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

Tadbirda aholini to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faoligini oshirish uchun qanday ishlarni amalga oshirish zarurligi, ushbu amallarning sog‘lom hayotga qaytarishdagi samarasi borasida so‘z bordi.

«Koronavirus infeksiyasi kishilarning sog‘lig‘i, hayotiga xavf solayotgan bir paytda hammani virusdan zararlanganda qanday qilib undan tez va oson qutulish mumkin, degan savol qiynamoqda», — dedi A.Shadmanov.

Vazirning qayd etishicha, muammoning yagona va eng samarali yechimi sog‘lom turmush tarziga amal qilishdir. Bu nafaqat virusdan himoyalanish, balki uzoq va baxtli hayot kechirishning ham eng asosiy qoidasi, talabi hisoblanadi. Kasallikning kuchli asoratlari va o‘lim holatlari asosan yurak qon-tomir kasalliklari, qandli diabet, o‘pkaning surunkali kasalliklari bo‘lgan yoki ortiqcha vaznga ega bo‘lgan, tamaki va alkogol mahsulotlarini iste’mol qilgan, kamharakat insonlarda uchramoqda.

«Shuni unutmaligimiz kerakki, kasallikning yengil kechishi yoshga bog‘liq emas, katta yoshda bo‘lsa ham to‘g‘ri ovqatlanadigan, jismoniy faol bo‘lgan, semizligi va diabeti bo‘lmagan insonlarda kasallik ancha yengil kechadi», — dedi vazir.

Sog‘liqni saqlash vaziri sog‘lom turmush tarzining asosi jismoniy faollik va to‘g‘ri ovqatlanish ekanini ta’kidlab o‘tdi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, inson kuniga 5−7 kilometr yursa, qon tomir kasalliklari, yurak xuruji, insult kabi hastaliklardan butunlay yiroq bo‘ladi. Ortiqcha vazn esa, kasalliklar uyasidir.

«Oqoltin tajribasi asosida aholimizni ko‘proq yurishga, to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga amal qilishlariga odatlantiramiz. Avvalo, ularning jismoniy holatini aniqlab olish uchun aholi vakillarining bo‘yi, vazni, bel aylanasi o‘lchanib, tibbiy varaqalarida qayd etiladi. Har bir mahallada aniq belgilangan bir vaqtda o‘zaro masofa saqlagan holda keksayu yoshlarni yurish marofoniga chorlanadi. Odamlar buning foydasini tushunib yetgachgina har kuni uzoq masofaga yurish, to‘g‘ri ovqatlanishni odatga aylantiradi», — dedi Alisher Shodmonov.

Shuningdek, mahallalar o‘rtasida «Eng sog‘lom mahalla», «Eng sog‘lom ko‘cha» tanlovlari o‘tkazilib, o‘z salomatligiga befarq bo‘lmagan fuqarolarga turli rag‘batlantirish mukofotlari taqdim etiladi.

Xabarda davlat rahbarining 13 oktyabrda Oqoltin tumani «Yangi Toshkent» mahallasidagi oilaviy poliklinikada tibbiyot bilan sport hamohangligini kuchaytirib, odamlarni sog‘lom turmush tarziga odatlantirish, aholining umrini uzaytirish masalalari borasida takliflar berganini eslatib o‘tdi. «Ko‘p yurish bilan to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini yo‘lga qo‘yib olsak, tibbiyotdagi 30−40 foiz masalani hal qilgan bo‘lamiz», — degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyi oxirida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi kuniga kamida 10 ming, oyiga 300 ming, yiliga 3,6 million qadam yurgan fuqarolar uchun davlat xizmatlaridan foydalanishda 50 foizlik chegirma hamda sport zallariga abonement taqdim etishni taklif qilgan edi.