Germaniya kansleri: ikkinchi to‘lqinga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak

Foto: bundesregierung.de

Germaniya iqtisodiy nuqtai nazardan bahordagi koronavirusning birinchi to‘lqini paytida bo‘lgani kabi yangi lokdaunga qodir emas. Bu haqda Berlinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Germaniya kansleri Angela Merkel aytib o‘tdi. Kansler pandemiya bilan bog‘liq vaziyatni zudlik bilan nazoratga olish zarurligini ta’kidladi. «Biz faqat shu yilning o‘zida 250 milliard yevrodan ortiq yangi qarzlarni qoplaydigan byudjetni qabul qildik. Shuning uchun biz, shu jumladan iqtisodiy jihatdan ham bahordagi vaziyatga o‘xshash ikkinchi to‘lqin bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak», — dedi Merkel. — TASS.

Arktikada muzlar qalinligi 40 yil ichida ikki baravarga qisqardi

So‘nggi 40 yil ichida Arktikada muzlarning qalinligi ikki baravarga kamaydi, qishda esa o‘rtacha havo harorati o‘n darajaga ko‘tarildi. Bunday ma’lumotlarni Arktika zonasining markaziy qismi iqlimini o‘rganayotgan xalqaro Mosaic ekspeditsiyasi keltirdi. Tadqiqotchilar ular to‘plagan ma’lumotlardan iqlimni muhofaza qilish bo‘yicha fundamental siyosiy qarorlarni qabul qilishda turtki bo‘lishini ta’kidladilar. — TASS.

Jahon iqtisodiyoti koronavirus tufayli 28 trln dollar zarar ko‘rishi mumkin

Foto: fb.com/imf

Xalqaro valyuta jamg‘armasi direktori Kristalina Georgiyeva koronavirus pandemiyasi tufayli butun dunyo besh yil ichida 28 trln dollarlik yalpi ichki mahsulotni yo‘qotishi mumkinligi ta’kidladi. Georgiyeva XVJ eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun barcha resurslarga ega ekanligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu jamg‘arma pandemiya boshidan 81 davlatni moliyaviy ko‘mak bilan ta’minladi. Tashkilot, shuningdek, mamlakatlarning qarz berish bo‘yicha majburiyatlarini 280 milliard dollarga yetkazdi. — RIA Novosti.

Xiaomi Applening yangi smartfoniga kulgili izoh berdi

Xiaomi IPhonedagi bepul quvvatlash qurilmasidan (zaryadlovchi adapterdan) voz kechilgani uchun Twitter sahifasida kulgili izoh qoldirdi. 14 oktyabr kuni Xitoy brendining global akkauntida Xiaomi Mi 10T Pro smartfoni qutisidan chiqarilish jarayoni haqida qisqacha video paydo bo‘ldi. Videoga ko‘ra, flagman bilan birga qutida zaryadlovchi adapter ham bor edi. «Xavotir olmang, biz qutidan hech narsani olib tashlamadik», — deyiladi publikatsiyada. Ushbu izoh Apple smartfonlarining soddalashtirilgan to‘plami haqidagi yangiliklarga munosabat bo‘lishi mumkin. — Xiaomi Twitter sahifasidan.

Qirg‘iziston prezidenti iste’foga chiqishini e’lon qildi

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov iste’foga chiqishga qaror qildi."Mamlakatimiz poytaxti Bishkek shahrida ijtimoiy va siyosiy vaziyat keskinligicha qolmoqda. Kecha Jogorku kenesh hukumat tarkibini tasdiqladi, men Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti sifatida tegishli lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladim. Ammo bu keskinlikni yumshata olmadi. Afsuski, agressiya susaymayapti, zudlik bilan iste’foga chiqishimga bo‘lgan talablar davom etmoqda", — deyiladi bayonotda. —  Gazeta.uz

Yevropa Ittifoqi Navalniy ishi bo‘yicha Rossiyaga qarshi sanksiyalar e’lon qildi

Yevropa Ittifoqi Aleksey Navalniy bilan yuzaga kelgan vaziyat sababli olti nafar rossiyalik amaldorga va bitta ilmiy institutga qarshi sanksiyalar e’lon qildi. Ro‘yxat Yevropa Ittifoqi Kengashi jurnalida e’lon qilindi. Keyinchalik xuddi shunday sanksiyalarni Buyuk Britaniya ham joriy qildi. Ro‘yxatga Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov, Ichki ishlar bo‘yicha prezident boshqarmasi rahbari Andrey Yarin va boshqa shaxslar kirtildi. — Gazeta.uz