13 oktyabr kechasi Farg‘ona viloyatida GAZ-53 yuk mashinasi harakatlanib kelayotgan «Toshkent-Andijon» 62-sonli yo‘lovchi poyezdi lokomotiviga borib urilgan. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» xabar bermoqda.

Voqea soat 21:40da «Buvayda» va «Qo‘qon» bekatlari oralig‘idagi temiryo‘l kesishmasida sodir bo‘lgan. Yuk mashinasi haydovchisi tushirilgan «shlagbaum»ni aylanib o‘tib, yo‘l harakati qoidasini buzgan.


To‘qnashuv natijasida yuk mashinasi kabinasiga qattiq zarar yetgan. Haydovchi hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir jarohatlar olib, voqea joyidayoq vafot etgan.

Poyezd lokomotivi va birinchi vagonga ham zarar yetgan. Yo‘lovchilar orasida jarohat olgan va vafot etganlar yo‘q.


Shikastlangan lokomotiv Qo‘qon lokomotiv deposiga olib ketilgan. Qatnov tarkibini boshqa elektrovoz o‘z manziliga yetkazib qo‘ygan. Voqea natijasida yo‘lovchi poyezdi 42 daqiqa ushlanib qolgan.

YTH yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa idoralar tergov olib bormoqda.