Ijtimoiy tarmoqlarda «Samarqandda IIB xodimlari maskasiz yurgan 15 yoshli bolani olib ketishmoqchi bo‘ldi, akasini va atrofdagi odamlarni tushuntirishiga qaramasdan, militsiya 15 yoshli bolani olib ketti va shu voqeani tasvirga olayotgan ayolni telefoniga urishdi» nomli videolavha tarqaldi.

Viloyat IIB mazkur holatni o‘rganib, u bo‘yicha izoh berdi. Qayd etilishicha, voqea 13 oktyabr kuni soat taxminan 13:00 larda Samarqand shahrining Gagarin ko‘chasida sodir bo‘lgan.

«Ushbu yo‘nalishda xizmat olib borayotgan PPX xodimlari ko‘chada tibbiy himoya niqobini taqmay harakatlanib kelayotgan 16 yoshli A. va uning akasini to‘xtatib, karantin qoidalari bekor bo‘lmaganligi, tibbiy himoya niqobini taqib yurish lozimligini tushuntirib, ularni IIB binosiga taklif qilishganda, ular IIO xodimlarining qonuniy talablariga qarshilik qilishgan», — deyiladi bayonotda.

Viloyat IIB xodimning jarayonni tasvirga olayotgan fuqaroga tashlanishini fuqaroning qo‘l telefonini PPX xodimi yuziga yaqin olib kelganiga bog‘lab, xodim kamerani turtib yuborganini iddao qildi.

Qayd etilishicha, fuqarolar IIB binosiga olib kelinib, ular bilan karantin qoidalariga rioya qilish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilib, uyiga javob berilgan. Shuningdek, holatdagi PPX xodimlari bilan yana bir-bor fuqarolar bilan muloqot jarayonlarida odob-ahloq qoidalariga qat’iy rioya qilishlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgan.

Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda ham jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Xususan, taniqli jurnalistlardan biri Shuhrat Shokirjonov voyaga yetmagan bolani niqob taqmagani uchun jarimaga tortib, undan undirilgan 1 mln 115 ming so‘m (BHMning 5 baravari) bilan davlatni boy qila olmasligiga ishora qildi.

«Shu bolaga „ey uka, maska taqib yur“ desang, yoki o‘sha 1500 so‘m turadigan maskani hammani oldida ogohlantirib, „mana uka, mana buni taqib ol“, deganingda, o‘sha sani tasvirga tushirayotgan, sotkasini sen tortib olmoqchi bo‘lgan xolalar ham chapak chalib yuborgan bo‘lardi», — deb yozdi u.