Yanvar-sentyabr oylari davomida iste’mol bozoridagi narxlar va tariflar o‘rtacha 6,3 foizga oshdi. 2019 yilning sentyabr oyigacha nisbatan oladigan bo‘lsak, tovarlar va xizmatlar narxlarining o‘rtacha o‘sishi 11,7 foizni tashkil etdi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.

Bu yilning yanvar-sentyabr oylari davomida narxlarning eng ko‘p o‘sishi aprel oyiga to‘g‘ri keldi (1,7%), narxlarning umumiy pasayishi, ya’ni deflyatsiya holati iyun (-0,2%) va iyul (-0,3%) oylarida kuzatildi.

Tovarlar va xizmatlar asosiy guruhlari kesimida qarab o‘tsak, yanvar-sentyabr oylari davomida oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari 3,1 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlar 2,1 foizga, xizmatlar 1,1 foizga oshdi. O‘tgan yilning sentyabr oyiga nisbatan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlar, shuningdek, xizmatlar narxlarining o‘sishi mos ravishda 7,5 foiz, 2,8 foiz va 1,4 foizni tashkil etdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgarishi

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining eng ko‘p o‘sish holati aprel oyida kuzatildi (1,4%) va narxlarning pasayishi iyun (-0,5%) va iyul (-0,6%) oylariga to‘g‘ri keldi.

Oziq-ovqat mahsulotlari alohida guruhlarga bo‘linadi: non mahsulotlari; go‘sht, parranda go‘shti va baliq; sut mahsulotlari; mevalar, sabzavotlar va kartoshka; shakar, choy va boshqa mahsulotlar; tuxum; yog‘ va moylar; alkogolsiz ichimliklar; spirtli ichimliklar.

Bu yilning yanvar-sentyabr oylarida non mahsulotlari narxlari o‘sishining eng yuqori darajasi aprelda qayd etilib, ushbu guruh tovarlari narxlari o‘rtacha 4,3 foizga ko‘tarilgan. Ushbu guruh narxlarining yanvar-sentyabr oylari davomidagi o‘rtacha oylik o‘sish sur’ati 1,4 foizni tashkil etdi.

Go‘sht, parranda go‘shti va baliq mahsulotlari narxlarining oy davomidagi yuqori o‘sishi sentyabrda (3,8%), past sur’atlarda o‘sishi esa yanvar, iyun va iyul oylarida qayd etilgan (0,4 foizdan). Go‘sht mahsulotlari narxlari oy davomida o‘rtacha 3,8 foizga (yil boshidan 14,2%) qimmatlashdi.

Bu yilning yanvar-sentyabrida meva-sabzavot mahsulotlari narxlarining oy davomidagi yuqori o‘sishi aprelda (6,6%), pasayishi esa iyun oyida (-8,4 foizgaga) qayd etilgan. Sentyabr oyida guruh narxlarining o‘sish sur’ati 3,0 foiznini tashkil etdi. Joriy yilning sentyabr oyida ushbu guruh mahsulotlaridan anor (15,5%), karam (14,1%), shaftoli (14,2%) va banan (14,0%) narxlari sezilarli darajada qimmatlashdi. Shu bilan bir qatorda, pomidor (-6,4%), bulg‘or qalampiri (-6,3%), limon (-6,1%), olma (-1,4%) narxlarining arzonlashganligi qayd etildi.

Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgarishi

Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining eng ko‘p o‘sish holati sentyabr oyida kuzatildi (0,4%) va narxlar o‘sishining eng kichik qiymati yanvar oyiga (0,1%) to‘g‘ri keldi.

Nooziq-ovqat mahsulotlari alohida guruhlarga bo‘linadi: kiyim-kechak; oyoq kiyim; mato va yigirilgan iplar; maishiy to‘qimachilik mahsulotlari; madaniy mollar; qurilish materiallari; dori-darmonlar; shaxsiy gigiyena mahsulotlari; avtomobillar uchun yoqilg‘i; asosiy maishiy mahsulotlar va elektr jihozlari; tamaki mahsulotlari; zargarlik buyumlari; yuvish va tozalash vositalari; shaxsiy transport.

2020 yilning yanvar-sentyabr oylarida nooziq-ovqat mahsulotlarning o‘rtacha oylik o‘sish sur’ati 0,6 foizni tashkil etdi. 2020 yilning sentyabrida nooziq-ovqat mahsulotlarning asosiy guruhlari orasida narxlarning oy davomida o‘sishi bo‘yicha yetakchi o‘rin avtomobillar uchun yoqilg‘i narxlariga tegishli bo‘lib, bunda narxlarning 3,4foizga o‘sishi kuzatilgan.

Xizmatlar narxlarining o‘zgarishi

Xizmatlar narxlarining eng ko‘p o‘sish holati mart va may oylarida kuzatildi (0,2 foizdan), qolgan oylarda narxlarning o‘sishi 0,1 foizdan bo‘ldi.

Xizmatlar alohida guruhlarga bo‘linadi: maishiy xizmatlar; uy-joy kommunal xizmatlari; yo‘lovchi tashish transporti xizmatlari; aloqa xizmatlari; madaniyat muassasalari xizmatlari; sport xizmatlari; dam olish xizmatlari; tibbiy xizmatlar; ta’lim xizmatlari.

Joriy yilning sentyabr oyida tariflarning o‘sishi bo‘yicha yetakchilik yo‘lovchi tashish transporti xizmatlariga tegishli bo‘lib, narxlar oy davomida 1,6 foizga, shu jumladan, havo transporti 0,9 foizga, temir yo‘l transporti 0,3 foizga, avtomobil transporti xizmatlari 2,1 foizga qimmatlashdi. Pandemiya sharoitida aholining to‘lov qobiliyatini mustahkamlash maqsadida, mamlakatning davlat oliy ta’lim muassasalarida shartnoma asosida kunduzgi o‘qish uchun tayanch to‘lov miqdoriga chegirmalar qo‘llanilganligi ta’lim sohasidagi xizmatlar umumiy narxlarining o‘rtacha 2,3 foizga pasayishiga olib keldi.

Umumiy hisobda, bu yilning yanvar-sentyabr oylarida narxlarning o‘sishi bo‘yicha yetakchi pog‘onalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti xizmatlari (15,2%), dam olish (8,8%), maishiy xizmatlar (8,3%), shuningdek, yo‘lovchi tashish transporti xizmatlari (8,0%) narxlari band etdi.