Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasida O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga ko‘pchilik ovoz bilan tarixda birinchi marta uch yillik muddatga saylandi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar bermoqda.

BMT Yangiliklar markazi ma’lumotiga ko‘ra, 15 davlat 2021 yil 1 yanvardan boshlab uch yillik muddatga BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashi a’zoligiga saylangan. Ular — Boliviya, Xitoy, Kot-d'Ivuar, Gabon, Kuba, Fransiya, Malavi, Meksika, Nepal, Pokiston, Rossiya, Senegal, Ukraina, O‘zbekiston va Buyuk Britaniya.

BMT Bosh assambleyasi organi hisoblangan Inson huquqlari bo‘yicha kengashga 47 ta davlat a’zo hisoblanadi va Kengash a’zolari uch yillik muddatga yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, shu qatorda, BMTning 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta fakultativ protokoliga qo‘shilgan. Mamlakatda inson huquqlari sohasini yanada rivojlantirish maqsadida prezident farmoni bilan shu yilning 22 iyun kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha Yo‘l xaritasi ham tasdiqlangandi.