Hukumatning 12 oktyabrdagi tegishli qaroriga binoan, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida o‘qitish sifatini baholashga muqobil shakllarni tatbiq etish maqsadida «Bilim va ko‘nikmalarni baholash markazi» nodavlat ta’lim tashkiloti tashkil etiladi, deya xabar berdi O‘zA.

Bunda «Bilim va ko‘nikmalarni baholash markazi» nodavlat ta’lim tashkilotining asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

  • xalqaro e’tirof etilgan ta’lim sifatini baholash metodikasidan kelib chiqqan holda umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini baholashning zamonaviy usullarini ishlab chiqish;
  • umumiy o‘rta ta’limda berilayotgan bilim va ko‘nikmalar sifatini tizimli baholash uchun nazorat ishlari materiallarini ishlab chiqish;
  • ta’lim sifatini baholash bo‘yicha dasturiy mahsulot ishlab chiqish;
  • O‘zbekiston ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari va muassasalari buyurtmasiga ko‘ra saralash, qabul qilish va yakuniy imtihonlarni o‘tkazish;
  • ta’lim muassasalarida pedagogik faoliyat olib borish huquqini beruvchi ta’lim litsenziyalari va sertifikatlarini joriy etish.

Mazkur tashkilotni tuzish taklifi Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim va Adliya vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi hamda ta’lim sifatini baholash bo‘yicha faoliyat yuritadigan xalqaro ta’lim tashkilotlarini jalb qilgan holda ishlab chiqiladi.