Vladimir Putin koronavirusga qarshi ikkinchi vaksina ro‘yxatdan o‘tganligini e’lon qildi

Foto: kremlin.ru

Novosibirsk «Vektor» virusologiya va biotexnologiya ilmiy markazi «EpiVakKorona» deb nomlangan koronavirusga qarshi Rossiyaning ikkinchi vaksinasini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumat a’zolari bilan uchrashuvda ma’lum qildi. «Mening bilishimcha, bizda uchinchi vaksina navbatda turibdi», — deya qo‘shimcha qildi prezident. — Meduza

Xitoy iqtisodiyoti yangi rekord o‘rnatdi

Xitoy fond bozorida savdoga qo‘yilgan barcha kompaniyalar aksiyalarining qiymati 10,08 trln dollarga yetib, mamlakat iqtisodiyoti yangi rekord o‘rnatdi. Bunday ko‘rsatkich Xitoy iqtisodiyoti 2015 yilda o‘rnatgan avvalgi 10,05 trln rekordni yangiladi. Mutaxassilarning fikrlariga ko‘ra, Xitoy bozori koronavirus pandemiyasi sharoitida bu yil mart oyida bozor qulaganidan beri 3 trln dollardan ko‘proq qiymatga ko‘paydi. Bunga mahalliy hokimiyatlarning qimmatli qog‘ozlar savdosini qo‘llab-quvvatlash siyosati, Xitoy kompaniyalarining bir qator birlamchi ommaviy takliflari va yuanning mustahkamlanishi yordam berdi. — Bloomberg

Armaniston bosh vaziri «yangi Gitler» paydo bo‘lishi ehtimolini aytdi

Foto: primeminister.am

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan «yangi Gitler» paydo bo‘lishi ehtimoli haqida ogohlantirdi. Bosh vazir qo‘shni davlatlar rahbarlaridan qaysi birini nazarda tutganiga aniqlik kiritmadi, ammo Kichik Osiyoda «yangi Gitler» paydo bo‘lishi mumkin degan fikrni bildirdi. Pashinyan dunyo jamoatchiligini buning oldini olishga chaqirdi. Bosh vazir shuningdek, Ozarbayjonning Tog‘li Qorabog‘ni blitskrig yordamida tortib olish strategiyasining barbod bo‘lganini ta’kidladi. — RIA Novosti

Nursultonda karantin choralari kuchaytirildi

Qozog‘iston poytaxti Nursultonda COVID-19 kasalligining aholi orasida keng tarqalayotgani sabab 14 oktyabrdan boshlab yangi karantin choralari joriy etildi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat sektori xodimlarining kamida 60 foizi masofadan turib ishlashga o‘tishadi. Xususiy tashkilotlarga ham masofadan ishlashga o‘tish maslahat berilgan, ammo hozircha faqat tavsiya sifatida. Sog‘liqni saqlash vazirligining ta’kidlashicha, mehnat jamoalari infeksiya tarqalishining asosiy o‘chog‘iga aylangan. — Gazeta.uz

Blue Origin Oyga qo‘nish tizimini sinab ko‘rish uchun raketa uchirdi

Amazon kompaniyasining bosh direktori Jeff Bezos tomonidan asos solingan Blue Origin aerokosmik kompaniyasi 13 oktyabr kuni kelajakda Oyga qo‘nish tizimining tarkibiy qismlarini sinovdan o‘tkazish uchun ko‘p bor qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan New Shepard raketasini suborbital parvozga uchirdi. — Gazeta.uz

Apple yangi iPhone 12 smartfonini taqdim etdi

13 oktyabr kuni Apple kompaniyasi Apple Event onlayn taqdimotini o‘tkazdi. Taqdimotda HomePod mini portativ «aqlli» karnayi, iPhone 12, iPhone 12 mini va iPhone 12 Pro smartfonlari namoyish etildi. — Gazeta.uz