Qozog‘iston poytaxti Nursultonda COVID-19 kasalligining aholi orasida keng tarqalayotgani sabab 14 oktyabrdan boshlab yangi karantin choralari joriy etildi, deya xabar berdi Tengrinews.kz nashri.

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat sektori xodimlarining kamida 60 foizi masofadan turib ishlashga o‘tishadi. Xususiy tashkilotlarga ham masofadan ishlashga o‘tish maslahat berilgan, ammo hozircha faqat tavsiya sifatida. Sog‘liqni saqlash vazirligining ta’kidlashicha, mehnat jamoalari infeksiya tarqalishining asosiy o‘chog‘iga aylangan.

Kafe, restoran, bar va oshxonalar soat 22:00 dan oshmasdan yopilishi kerak. Ovqatlanish muassasalariga 30 o‘rindan ko‘p bo‘lmagan miqdorda bandlikka ruxsat berilgan.

Notariuslar, yuridik idoralar, buxgalterlarning ish vaqti ish kunlari ham, dam olish kunlari ham soat 18:00 ga qadar qilib belgilandi, oziq-ovqat tovarlaridan tashqari mahsulotlar sotiladigan do‘konlarining ishlariga faqat ish kunlari soat 18:00 gacha ruxsat berildi. Yakshanba kunlari jamoat transporti ham to‘xtatiladi.