Amazon kompaniyasining bosh direktori Jeff Bezos tomonidan asos solingan Blue Origin aerokosmik kompaniyasi 13 oktyabr kuni kelajakda Oyga qo‘nish tizimining tarkibiy qismlarini sinovdan o‘tkazish uchun ko‘p bor qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan New Shepard raketasini suborbital parvozga uchirdi, deya xabar berdi Interfaks.

Tizimdan 2024 yilda Artemis dasturi doirasida ikki nafar amerikalik astronavtni Oy yuziga qo‘nishi uchun foydalanilishi mumkin.

Raketa Texasdagi sinov maydonchasi orqali uchirildi. Tashuvchi raketadan ajralib chiqqanidan so‘ng, kapsula taxminan 100 km balandlikka ko‘tarildi va u keyin parashyutlar yordamida Yerga qaytadi. Ayni paytda, tashuvchi raketa vertikal holatda avtomatik qo‘nishi kerak bo‘ladi.

Ushbu parvoz bu raketaning yettinchi va New Shepard loyihasi doirasida esa 13-marta uchirilishi. Raketaning avvalgi parvozi 2019 yil 11 dekabrda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. O‘shanda raketa 104,5 km balandlikka ko‘tarilgan. Tashuvchi raketa boshqaruv orqali qo‘nishni amalga oshirgan, kapsula esa parashyutlar yordamida Yerga qaytgan.

New Shepard bortida 12 ta ilmiy asbob-uskunalar, shu jumladan NASA uskunalari o‘rnatilgan bo‘lib, ular kosmik kemaning Oy yuzasiga qo‘nish jarayonini ta’minlaydi. Bu uskunalar raketaning tashqi tomonida joylashgan konvergensiya, tushish va qo‘nish datchiklari tizimini tashkil qiladi.

«Tajriba ushbu texnologiyalar (datchiklar, kompyuterlar va algoritmlar) kemaning joylashuvi va oyga yaqinlashish tezligini aniqlashda o‘zaro ta’sirini sinab ko‘radi, bu esa oy sathiga oldindan belgilangan nuqtadan 100 m uzoqlik darajasida qo‘nishga imkon beradi», — dedi Blue Origin kompaniyasi vakillari.

Hozirda Blue Origin dan tashqari NASA bilan tuzilgan shartnoma asosida SpaceX va Dynetics ham Oyga qo‘nuvchi qurilmani yaratishda ishtirok etmoqda. Ushbu texnik loyihalarning eng yaxshisi 2024 yilda astronavtlarning Oyga qo‘nishi uchun qo‘llaniladi.

Yaqin kelajakda Blue Origin o‘z raketasini suborbital sayyohlik parvozlari uchun ishlatmoqchi. Biroq, kompaniya hanuzgacha kosmosga bortda odam mavjud bo‘lgan parvozlarni amalga oshirmagan.