Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 14 oktyabr kuni yangi tayinlangan Hindiston elchisi Manish Prabxatni qabul qildi, deya xabar berdi TIV matbuot xizmati.

Abdulaziz Komilov elchini tayinlov bilan tabrikladi va unga samarali ishlashini tilab qoldi, deyiladi xabarda. Tomonlar ikki mamlakat munosabatlari masalalarini va turli darajalarda bo‘lib o‘tadigan qo‘shma tadbirlar jadvalini muhokama qilishdi. Xususan, ikki mamlakat tashqi ishlar idoralari o‘rtasida doimiy ravishda siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish taklif qilindi.

Vazir va elchi, shuningdek, COVID-19 pandemiyasining o‘zaro savdo-iqtisodiy munosabatlarga salbiy ta’sirining oldini olish va savdo hajmini oshirish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish zarurligini ta’kidlashdi. O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi sayyohlar almashinuvining tiklanishiga va o‘zaro sayyohlik oqimining ko‘payishiga qiziqish bildirildi.

Eslatib o‘ztamiz, Hindistonning sobiq elchisi Santosh Ja O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini shu yilning iyul oyida yakunlagan edi.