Jismoniy shaxslarning yer solig‘ini to‘lash so‘ngi muddati 15 oktyabr kuni belgilangan. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumot berdi.

Agar biron sababga ko‘ra soliqni belgilangan muddatdan kechroq to‘lashga to‘g‘ri kelsa, soliq organlari tomonidan to‘lovni kechiktirgan har bir kun uchun 0,033 foiz miqdorida jarima undiriladi.

Jismoniy shaxslar uchun yer solig‘i yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organning (kadastr agentligi) ma’lumotlari asosida yer uchastkasining maydoni va uy joylashgan hudud bo‘yicha belgilangan stavkalarga ko‘paytirib aniqlanadi.

Yer uchastkasi joylashgan hududning xususiyatlarini hisobga olgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari belgilangan soliq stavkalariga 0,7 dan 1,3 gacha bo‘lgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar belgilash huquqiga ega.

Misol uchun:

Toshkent shahrida 4-hududda joylashgan yakka tartibda uy-joy qurish uchun berilgan yerlarga fuqarolardan 2020 yil uchun undiriladigan yer solig‘ining bazaviy stavkalari 1 kv.m uchun 567,2 so‘m etib belgilangan.

400 kv.m (4 sotix)*567,2=226 880 so‘m.

Demak, Toshkent shahrining 4-hududida joylashgan 4 sotix yer maydoni uchun 1 yillik yer solig‘i 226 880 so‘m.

Yoki Andijon viloyatining qishloq hududi uchun yer solig‘ining bazaviy stavkalari 1 kv.m uchun 133,4 so‘m etib belgilangan.

800 kv.m (8 sotix)*133,4=106 720 so‘m.

Demak, Andijon viloyatining qishloq hududida joylashgan 8 sotix yer maydon uchun 1 yillik yer solig‘i 106 720 so‘m.

Hududlarning yer solig‘i uchun bazaviy stavkalarini bu yerda topsa bo‘ladi.

Soliqdan quyidagilar ozod qilinadi:

  1. «O‘zbekiston Qahramoni», Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor bo‘lgan, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan fuqarolar.
  2. Urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonun hujjatlari bilan belgilanadigan ularga tenglashtirilgan shaxslar.
  3. I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar.
  4. Yolg‘iz pensionerlar. Yolg‘iz yoki voyaga yetmagan bolalari bilan yoxud nogiron bolasi bilan birga alohida uyda yashovchi pensionerlar yolg‘iz pensionerlar deb tushuniladi.
  5. Boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalar. Ota-onasidan biri yoki ota-onasi vafot etgan hamda oilada o‘n olti yoshga to‘lmagan beshta va undan ortiq bolalari bo‘lgan oilalar soliq solish maqsadida boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalardir.
  6. Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda ishtirok etganlik uchun imtiyozlar oladigan fuqarolar (shu jumladan vaqtincha yuborilgan yoki xizmat safariga yuborilgan) fuqarolar.
  7. Energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan turar joylarda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar — qayta tiklanadigan energiya manbalari o‘rnatilgan oydan e’tiboran uch yil muddatga.

Bunda mazkur soliq imtiyozlari soliq to‘lovchining tanlovi bo‘yicha faqat bitta yer uchastkasiga berilishi mumkin.

Soliq imtiyozlariga ega bo‘lgan shaxslar soliq imtiyozlarini olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarini yer uchastkasi joylashgan yerdagi soliq organlariga mustaqil ravishda taqdim etadi.

Yer solig‘ini to‘lash usullari

  1. Har qanday tijorat banki orqali.
  2. Elektron to‘lov vositalari orqali.
  3. Maxalla idoralari orqali.