Sirdaryo tumanida gaz idorasi xodimiga o‘tkir tig‘li jism bilan og‘ir tan jarohati yetkazilganligi natijasida voqea joyida vafot etgan. Bosh prokuratura holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Bosh prokuraturaning xabar berishicha, 9 oktyabr kuni taxminan soat 18:00 larda «Sirdaryotumangaz» MCHJ metrologiya bo‘limi boshlig‘i Sh.Q. Sirdaryo tumani, «Do‘stlik» MFY da yashovchi fuqaro K.F.ning xonadoniga gaz iste’moli uchun qarzdorlikni undirish maqsadida kelgan.

Shu jarayonda ular o‘rtasida vujudga kelgan o‘zaro janjal oqibatida dastlab gaz idorasi xodimi Sh.Q. pichoq bilan K.F.ning chap ko‘krak qafasiga bir marotaba urgan, so‘ngra K.F. undan pichoqni olib qo‘yib Sh.Q.ning turli joylariga bir necha marotaba pichoq urib tan jarohatlari yetkazgan. Oqibatda Sh.Q. voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Sirdaryo tumani IIB tomonidan K.F.ga nisbatan JKning 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish orqali jabrlanuvchining o‘limiga sababchi bo‘lish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov harakatlari Sirdaryo viloyati prokuraturasi tomonidan nazoratga olindi.