Belarus politsiyasi xodimlari va harbiy xizmatchilari ko‘chalarni tark etishmaydi va agar kerak bo‘lsa, maxsus vositalar va harbiy qurollardan foydalanishadi, deya yozadi BelTA axborot agentligi ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — Belarus kriminal militsiyasi boshlig‘i Gennadiy Kazakevichning so‘zlarini keltirgan holda.

Vazirning birinchi o‘rinbosari so‘zlariga ko‘ra, IIV hududlardagi norozilik harakatlari pasayib borayotganini, ammo ular Minskka ko‘chib, yanada radikallashayotganini aytmoqda. Minskda sodir bo‘lgan yakshanba kungi harakatlar bunga yorqin dalildir, deya ta’kidladi u.

«Hatto kunduzi va kechqurun ham u yerda toshlar, butilkalar uchayotgan edi, pichoqlar va charxlar bor edi. Kechga kelib esa barrikadalar va yonayotgan shinalar paydo bo‘ldi. Buning fuqarolik namoyishlarga aloqasi yo‘q. Biz nafaqat tajovuzga, balki jangarilar, radikallar, anarxistlar, futbol fanatlari to‘dalarining avgust boshidagi voqealarni takrorlashga bo‘lgan urinishlariga duch keldik», — ta’kidladi Gennadiy Kazakevich.

Belarusda prezident saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan fuqarolar namoyishlari boshlanganiga ikki oydan oshdi. Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan namoyishlarda butun respublika bo‘ylab 700 dan ortiq kishi hibsga olingan. Namoyishchilarga qarshi tovushli granatalar va suv purkagichlar ishlatilgan. Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni sudda ko‘rib chiqishdan oldin 570 kishi qamoqqa joylashtirildi.