12 oktyabr kuni bosh vazir Abdulla Aripov axborot makoni, matbuot kotiblarining samaradorligi, ularning axborot bilan ishlash faoliyatidagi muammo va kamchiliklar hamda boshqa masalalar muhokama qilingan yig‘ilish o‘tkazdi.

«Gazeta.uz» manbasining ma’lumotlariga ko‘ra, yig‘ilishda hukumat rahbari Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Najmiddinxo‘ja Sharipovni tanqid qildi va qo‘mitaning UzAuto Motors kompaniyasiga qarshi harakatlarini populistik deb atadi. Qayd etilishicha, ishni ko‘rib chiqishda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasi xorijiy konsalting kompaniyasi xulosasini olmagan. Bu haqda Kun.uz ham o‘z manbalariga tayanib ma’lum qildi.

Shu kabi xabarlar ortidan internet foydalanuvchilari, jumladan taniqli blogerlar o‘zlarini populistlar deb atab, tegishli heshteglardan foydalanishni boshladi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmatlari bir kun keyin OAVdagi xabarlar yuzasidan bayonot berdi. Vaziyatga Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev ham munosabat birdirdi.

Antimonopoliya qo‘mitasi

Antimonopoliya qo‘mitasi xabarida qayd etilishicha, bosh vazir boshchiligida bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida ko‘tarilgan masalalar noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.

Mazkur selektor yig‘ilishi O‘zbekiston prezidentining «Raqamli O‘zbekiston — 2030″ strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2020 yil 5 oktyabrdagi farmoni bilan belgilangan loyihalar va chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishni samarali tashkillashtirish masalalariga bag‘ishlangan.

Majlis Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyatiga bag‘ishlanmagan va unda qo‘mita raisi Najmiddinxo‘ja Sharipovning hisoboti yoki «UzAutoMotors» kompaniyasi masalasi bo‘yicha maxsus axboroti tinglanmagan.

Yig‘ilishning asosiy mavzularidan biri — davlat organlar tomonidan olib borilayotgan axborot siyosati, matbuot kotiblarining faoliyati samaradorligi, OAV bilan ishlashda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan.

«Yig‘ilishda, bosh vazir tomonidan hozirgi kunda yuqoridagi yo‘nalishlarda davlat organlar tomonidan olib borilayotgan ishlar xususida fikrlar bildirilib, ko‘plab ijobiy va tanqidiy misollarga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va „UzAutoMotors“ kompaniyasi o‘rtasida davom etayotgan sud jarayonida shoshmasdan qaror qabul qilish va imkon darajasida xalqaro konsultant-mutaxassislar bilan hamkorlikda, ularning o‘rganishlari ham inobatga olingan holda ish olib borilishi taklif sifatida bildirildi», — deyiladi xabarda.

«Shuningdek, davlat organlari rahbarlari OAV bilan o‘zaro muloqotda, asosli va isbotlangan dalillarga tayanib hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerakligi, aks holda bu harakatlar populistik ko‘rinishga ega bo‘lib qolishi ehtimoli borligi nazarda tutilgan», — deya qayd etdi qo‘mita.

Vazirlar Mahkamasi

Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xodimi Bekzod Hidoyatov «Gazeta.uz» so‘roviga telefon orqali yig‘ilishda OAV vakillari qatnashmaganini ma’lum qildi.

«Ommaviy axborot vositalari xodimlari kecha bo‘lgan majlisda ishtirok etmagan. E’lon qilishga tayyorlangan ma’lumotlarni tekshirish uchun bosh vazir matbuot xizmatiga murojaat qilishmagan. Vaholanki, jurnalist o‘zi tayyorlayotgan materiallarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi shartligi tegishli qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan», — dedi u.

Bekzod Hidoyatov yig‘ilish yuzasidan e’lon qilingan postda ilgari surilgan da’volar haqiqatga aytarli mos kelmasligini ta’kidladi.

«Chunki masalaning mohiyatiga bir yoqlama yondashilgan. Ehtirosga berilib, mish-mishlarga asoslanib xabar tarqatish esa noprofessionallikning belgisidir. Shunga o‘xshash holat shahar hokimi [Jahongir Ortiqxo‘jayev] bilan ham kuzatilgandi», — dedi matbuot xizmati xodimi.

U majlis aslida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyatiga bag‘ishlanmaganini ham qo‘shib o‘tdi.

«Post va uning ostida qoldirilgan izohlarni o‘qib, muallif (Kun.uz muxbiri Alisher Ro‘zioxunov posti haqida gap ketmoqda) ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida turli bahs-munozara va tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishni. aholi orasida hukumat rahbariga nisbatan adovat uyg‘otishni maqsad qilmaganmikan, degan o‘yga bordim», — dedi u.

U jurnalist va blogerlar bu borada yo‘l qo‘ygan xatolaridan tegishli xulosa chiqaradi, deb o‘ylashini ta’kidlab, kelgusida qo‘llaydigan har bir so‘zining yukini chuqur anglashiga, fikrning kuchini teran his qilishiga va har bir ma’lumotni sinchkovlik bilan tekshirib keyin e’lon qilishiga umid bildirdi.

«Kelgusida yana shunga o‘xshash holat kuzatiladigan bo‘lsa, vaziyatga huquqiy baho berishini so‘rab tegishli joyga murojaat qilamiz», — dedi bosh vazir matbuot xizmati xodimi.

AOKA

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) rahbari Asadjon Xodjayev ham o‘zining Facebook sahifasida vaziyatga izoh berdi. Yig‘ilish ishtirokchisi sifatida u ma’lumotlarning noto‘g‘ri talqin qilinayotganidan ajablanishini bildirdi.

«Tadbirda vazirlar, qo‘mita raislari, davlat boshqaruvi idoralari rahbarlari va hokimlarning xalq bilan, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan doimiy ravishda bevosita ochiq muloqotda bo‘lishi zamon talabi ekani aytildi. Shu bilan birga, axborot makonida mutasaddi rahbar tomonidan aytilgan har bir so‘z ijtimoiy-siyosiy tus olishi, bu jamoatchilikni chalg‘ituvchi biryoqlama fikrlar tarqalishiga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi», — deya ta’kidladi u.

Asadjon Xodjayev yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi rahbarining Samarqandda koronavirus bemorlari soni kamaytirib ko‘rsatilayotgani haqidagi bayonoti hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining sotib olingan avtomobillar uchun tulovlarning muayyan qismini mijozlarga qaytarib berish borasidagi bayonotini misol qilib keltirilganini ma’lum qildi.

«Bunday hisob-kitoblar, xolislikni ta’minlash maqsadida, xorijiy konsultantlar ishtirokidagi auditorlik kompaniyalari tomonidan tasdiqlansa yaxshi bo‘lar edi. Mazkur har ikki vaziyat ham bu kabi jiddiy ijtimoiy ahamiyatga ega masalalarda aniqlik va tahlilga asoslanish lozimligini ko‘rsatadi», — dedi AOKA rahbari.

Agentlik direktori bu masalalar yig‘ilishda rahbarlarning ommaviy bayonotlar bilan chiqishga mas’uliyat bilan yondashishi zarurligini ifodalovchi ishchi vaziyatlari biri bo‘lganini ma’lum qildi. Antimonopoliya qo‘mitasi va Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmatlari singari u ham bu bo‘yicha hech qanday alohida majlis, rahbarlarning chiqishi yoki so‘zga chiquvchilarni tanqid qilish kabi holatlar bo‘lmaganini ta’kidladi.

«Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, internetda joylashtirilgan uchinchi shaxslar aytgan gaplarga asoslangan tassurotlarning OAVda kuzatilishi kishida taajjub uyg‘otadi. Bloger o‘z shaxsiy qarashlarini e’lon qilgani uchun javobgarlik mavjud emas, biroq OAV ijtimoiy tarmoqlardan olingan turli axborotlarni chop etishdan oldin uni haqiqatga nechog‘li to‘g‘ri kelishini qayta tekshirib ko‘rishi shart», — dedi u.

Agentlik rahbari OAVni tekshirilmagan, ishonchli bo‘lmagan axborotlarni tarqatishdan tiyilishga va o‘z faoliyatida mamlakatning qonunchiligidagi talablarga amal qilishga chaqirdi.

Qayd etish joizki, yopiq eshiklar ortida muhokama qilingan masalalar, ayniqsa aholining keng qatlamlari uchun qiziqarli bo‘lgan axborotlarni ushbu yig‘ilish ishtirokchilariga tayangan holda e’lon qilish — jahon ommaviy axborot vositalari amaliyotidagi odatiy amaliyot hisoblanadi.