Xamdamov Qobil Murotkulovich Olmaliq shahriga hokim etib tayinlandi, deya xabar berdi Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati. Tayinlov xalq deputatlari Olmaliq shahar kengashining oltinchi chaqiriq navbatdan tashqari XIV sessiyada e’lon qilindi.

Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov Omaliq shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarga to‘xtalib, rahbar odam o‘z shaxsiy hayotiga ham e’tiborli bo‘lishi, oilasiga vaqt ajratishi, farzandlar tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanishi lozimligini ta’kidlagan.

«Bugungi kunda muhtaram Yurtboshimizning tashabbusi bilan mamlakatimizda ochiqlik siyosati joriy etilgan. Hammamiz jamoatchilikning qat’iy nazoratidamiz. Shuningdek, ishlayman degan odamga barcha sharoit yaratib berilgan. Mashina, yaxshigina oylik maosh beriladi. Xabaringiz bor, yaqinda Olmaliq shahri hokimi bilan bog‘liq holat internetda tarqaldi. Zamon tezkor. Har qanday voqelik tez tarqalayapti. Agar u yomon, noxush bo‘lsa, eshitib ich-ichingdan ezilasan kishi…» — dedi Rustam Xolmatov.

Viloyat hokimi rahbarga ko‘p narsa bog‘liqligini hayot haqiqati tasdiqlashi, hokim shu hududning otasi ekanini ta’kidladi.

«Men Usmon Rahimovning hokimlik faoliyati mutlaqo qoniqarsiz, u ishlamadi, demoqchi emasman. Bu o‘rinda gap rahbarning har jihatdan el-yurtga o‘rnak bo‘la olishi haqida ketayapti. Binobarin, donishmand xalqimiz rahbarning, uning oilasining kamtarlik fazilatiga qarab baho beradi» — dedi u.

Yig‘ilishda Toshkent viloyati hokimi Olmaliq shahar hokimi lavozimiga Hamdamov Qobil Murotqulovich nomzodini tavsiya etdi.

Qobil Xamdamov mazkur lavozimga tayinlangunga qadar Toshkent viloyati hokimining shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, obodonlashtirish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan.

Ma’lumot o‘rnida, Usmon Rahimov 2019 yil avgust oyidan beri Olmaliq shahri hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi. So‘nggi vaqtlarda esa uning o‘g‘li Dilshod Rahimov yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol tarzda buzgani aks etgan videolarini TikTok va Instagram sahifalarini joylashtirib borgani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.